Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, o‘z oldiga qo‘ygan maqsadi, kasbiy yutuqlariga erishishiga ko‘maklashish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan.
Talabalarning bilim olishi, darsdan bo‘sh vaqtini samarali o‘tkazishi va sog‘lom turmush kechirishini ta’minlash maqsadida zamonaviy sharoitga ega bo‘lgan yotoqxonalarni barpo etish ko‘lami kengayib bormoqda.
Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan dasturga ko‘ra, 2026 yilga qadar respublika bo‘yicha 100 ming o‘ringa mo‘ljallangan talabalar turar-joyi qurilishi belgilangan. Dastur qabul qilingandan buyon 26 ming 171 o‘rinli 55 ta yotoqxona qurilib, foydalanishga topshirildi.
Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vazirligi matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilda respublika miqyosida 38 ming 633 o‘rinli jami 85 ta talabalar turar-joyini bunyod etish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda. Ulardan 55 tasi davlat-xususiy sheriklik, 30 tasi oliygoh va byudjet mablag‘lari, investisiya dasturi asosida qurilishi belgilangan.
Joriy yil yakunigacha davlat dasturida belgilangan 18 ming o‘rinli talabalar turar-joyi qurib bitkaziladi. Jumladan, o‘tgan 9 oy davomida jami 9 ming 14 o‘rinli 21 ta talabalar turar-joyi foydalanishga topshirildi. Shundan 11 tasi davlat-xususiy sheriklik, 10 tasi oliy ta’lim muassasasi mablag‘lari hisobidan qurilgan.
Yil yakuniga qadar yana 9 ming 469 o‘rinli 20 ta talabalar turar-joyi qurib, foydalanishga topshiriladi. Xususan, ularning 12 tasi davlat-xususiy sheriklik, 5 tasi oliy ta’lim muassasalari mablag‘lari, 3 tasi investisiya dasturi asosida. Hozirda 25 ming 569 o‘rinli 54 ta talabalar turar-joyini qurish ishlari olib borilmoqda.
Ayni paytda 115 ta davlat oliygohida jami 324 ta talabalar turar-joyi mavjud bo‘lib, ularning sig‘imi 117 ming 646 o‘rinni tashkil etadi.