2023 yilda vacancy.argos.uz ochiq portali orqali eng ko‘p tanlov mahalladagi hokim yordamchilari uchun o‘tkazilgan.
Bu haqda AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi axborot xizmati rahbari Sevara Zokirova ma’lum qildi.
Portaldagi davlat organlarining vakant lavozimlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar avtomatik tarzda “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksidan foydalangan holda saytga joylashtiriladi va nomzodlarning hujjatlarini qabul qilish faqat elektron tarzda amalga oshiriladi.
Vakant lavozimlar uchun ochiq mustaqil tanlovlar:
🔘har bir nomzodning vakant lavozimga malaka talablariga mosligini o‘rganish;
🔘test orqali uning bilim darajasini sinovdan o‘tkazish;
🔘assesment shaklidagi suhbat jarayoni bosqichlaridan iborat.
Bunda, tanlovning har bir bosqichi natijasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar nomzodlarning shaxsiy kabinetiga yuboriladi.
Vazirlik va idoralar kesimida eng ko‘p tanlovlar mahalladagi hokim yordamchilariga — 3 231 ta, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tizimida — 2 974 ta, Yoshlar ishlari agentligi tizimida
— 2 484 ta, Prezident huzuridagi ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimida — 2 311 ta, Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimida — 1 152 ta o‘tkazilgan.
Hududlar kesimida eng ko‘p tanlovlar Samarqand
(2 854 ta) va Andijon (2 772 ta) viloyatlarida o‘tkazilgan bo‘lib, shuningdek, Farg‘ona viloyatida — 2 122 ta, Surxondaryo viloyatida — 2 024 ta, Qashqadaryo viloyatida — 1 948 tani tashkil etmoqda.