Geydelberg xalqaro ziddiyat tadqiqotlari instituti tayyorlagan hisobotda aytilishicha, 2020 yilda dunyo bo‘yicha 21 ta urush sodir bo‘ldi hamda davlatlar, etnik va siyosiy guruhlar o‘rtasida jami 220 ta qurolli to‘qnashuv qayd etildi.
2019 yil dunyoning turli nuqtalarida 15 ta urush kuzatilgan edi, ya’ni vaqt o‘tgan sayin urushlar soni ortgan. O‘tgan yili Janubiy Yaman, Tog‘li Qorabog‘, Demokratik Kongo Respublikasi, Mozambik, Janubiy Sudan va Efiopiyada urush boshlandi yoki qaytalandi.
Tadqiqot natijalaridan ma’lum bo‘lishicha, ayniqsa Sahroi kabir mintaqasidagi Afrika davlatlarida urushlar va inqirozlar ortyapti. Mazkur mintaqada o‘tgan yili 11 ta urush sodir bo‘ldi. Shuningdek, Geydelberg xalqaro ziddiyat tadqiqotlari instituti hisobotiga Afg‘oniston, Liviya, Suriya, Yaman hamda Turkiya va kurd guruhlari o‘rtasidagi ziddiyatlar ham kiritilgan.
Evropa mintaqasida Ukrainadagi to‘qnashuvlar, Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi urush tilga olingan. Amerika bo‘ylab Meksika va Braziliyadagi narkoguruhlar o‘rtasidagi hamda Kolumbiyadagi to‘qnashuvlar, Osiyo-Tinch okeani mintaqasida esa Filippin va Myanmadagi vaziyat eslab o‘tilgan.
Urushlar va qurolli to‘qnaluvlarning asosiy sabablari sifatida diniy va mafkuraviy qarama-qarshiliklar, etnik nizolar, suv va yer resurslari bo‘yicha janjallar ko‘rsatilgan.