Bugun 4 may, 2024 yil, shanba

КИР

2020 yil o‘rtacha harorat rekordini yangiladi

2020 yil o‘rtacha harorat rekordini yangiladi

Evropada favqulodda iliq qish va kuzdan so‘ng 2020 yil eng issiq o‘n yillikni yakunlagan holda meteorologik kuzatuvlar tarixidagi eng issiq yil deb topildi.

Evropa Ittifoqining Iqlim o‘zgarishi xizmati (The Copernicus Climate Change Service) mutaxassislarining so‘zlariga ko‘ra, 2020 yilda global harorat sanoatgacha bo‘lgan davrga qaraganda Selsiy shkalasi bo‘yicha o‘rtacha 1,25 daraja yuqori bo‘lgan. Ta’kidlanishicha, o‘tgan olti yil rekord darajadagi eng issiq yilga aylangan.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ushbu tendensiya ko‘plab mamlakatlar issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish bo‘yicha belgilangan majburiyatlarini bajarmaganligi hamda iqlim o‘zgarishi olimlar kutganidan ancha tez sodir bo‘layotgani sababli rivojlanmoqda. Bundan tashqari, harorat bilan bog‘liq rekord ko‘rsatkichlar deyarli har yili yangilanmoqda, muzlar tezroq erimoqda, shuningdek, Jahon okeanining sathi va suvning kislotaligi ham ko‘tarilmoqda.

"2020 yil kuzatilgan favqulodda iqlimiy hodisalar va Kopernik iqlim o‘zgarishlari xizmati ma’lumotlari bir soniyani ham yo‘qotmasligimiz kerakligini ko‘rsatmoqda", deydi Yevropa Ittifoqining Yevropa Komissiyasi sun’iy yo‘ldosh navigasiya dasturlari direktori Mattias Petshke.

Ma’lum qilinishicha, 2020 yilda Arktika va shimoliy Sibir butun sayyoraga qaraganda tezroq isishda davom etgan, mintaqalarning ayrim qismlarida esa norma sifatida ishlatilgan 30 yillik o‘rtacha ko‘rsatkichdan 6 darajaga yuqori harorat qayd etilgan. Shuningdek, ushbu hududda "g‘ayrioddiy faol" o‘rmon yong‘inlari ham kuzatilgan. Natijada Arktika mintaqasidagi yong‘inlar atmosferaga rekord darajada 244 million tonna karbonat angidrid chiqargan bo‘lib, bu 2019 yilga nisbatan uchdan bir qismga ko‘pdir. Arktikadagi dengiz muzlari ham kamayishda davom etgan, eng past dengiz muzlari maydoni butun kuzatuvlar tarixida ushbu oylarning har biri uchun rekord natijaga aylangan iyul va oktyabr oylarida qayd etilgan.

Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, global isish tabiiy ofatlar sonining ko‘payishiga va ular tomonidan yetkazilgan zararning rekord darajasiga to‘liq mos kelmoqda.

Milliy Okean va atmosfera boshqarmasi (NOAA) iqlimshunosi Adam Smitning aytishicha, Qo‘shma Shtatlarda tabiiy ofatlar natijasida yetkazilgan zarar miqdori 2020 yilning 9 oyida 16 milliard dollarni tashkil etgan va 2011 hamda 2017 yillarda o‘rnatilgan rekord ko‘rsatkichga teng kelgan.

 

Kiritildi: 04:30 13.01.2021. O'qildi: 2585 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!