Bugun 13 avgust, 2026 yil, payshanba

КИР

15 mln qozog‘istonlikning shaxsiy ma’lumotlari darknetda sotuvga qo‘yildi

15 mln qozog‘istonlikning shaxsiy ma’lumotlari darknetda sotuvga qo‘yildi


Ijtimoiy tarmoqlarda 15 million Qozog‘iston fuqarosining shaxsiy ma’lumotlari darknetga sizdirilgani haqida xabarlar tarqaldi. Anonim haker qozog‘istonliklarning ma’lumotlarini darknetda sotuvga qo‘ygani xabar qilinmoqda. Darknetga joylangan fayl hajmi taxminan 2,7 gigabaytni tashkil etadi, undagi yozuvlar umumiy soni esa 47 million qatorga yetadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, haker ushbu ma’lumotlar bazasini 0,5 bitkoin, ya’ni taxminan 32 ming dollarga baholagan. Mazkur ma’lumotlar to‘plamida fuqarolarning shaxsiy va aloqa ma’lumotlari, jumladan, pasport ma’lumotlari, telefon raqamlari, elektron pochta manzillari, ish joyi haqidagi ma’lumotlar, hujjatlarning skanerlangan nusxalari va parollar mavjudligi aytilmoqda. Haker Qozog‘iston fuqarolarining ma’lumotlarini eGov portaliga buzib kirish natijasida qo‘lga kiritgani da’vo qilingan.

Qozog‘iston Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish vazirligi hozirda tegishli xizmatlar bilan birgalikda texnik tekshiruv o‘tkazilayotganini ma’lum qildi. Jumladan, ma’lumotlar namunasi tahlil qilinib, ularning kelib chiqish manbasi aniqlanadi.

"Ayni paytda elektron hukumat axborot tizimlariga buzib kirilgani va ma’lumotlar bevosita eGov’dan olingani haqida tasdiqlangan ma’lumotlar yo‘q", deyiladi vazirlik xabarida.

Eslatib o‘tamiz, fevral oyi boshida O‘zbekistonning to‘rtta tashkiloti axborot tizimlari kiberhujumga uchragani va buning oqibatda 15 millionga yaqin fuqaroning ma’lumotlari sizib chiqib ketgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgan edi. O‘zbekiston raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov o‘shanda 15 mln fuqaroning ma’lumotlari emas, balki 60 mingga yaqin unikal yozuv tarqalganini bildirgandi.

Kiritildi: 21:15 12.08.2026. O'qildi: 264 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!