Bu haqda Islom vaqflari bo‘yicha Quddus boshqarmasi ma’lumotiga tayanib Anadolu agentligi xabar berdi. Ma’lum qilinishicha, 30 sentyabr kuni tongda Isroil polisiyasi hamrohligida 1317 nafar isroillik islom dinining muqaddas qadamjosi bo‘lgan maskanga kirib borgan.
Islom vaqflari bo‘yicha Quddus boshqarmasining ismini oshkor qilishni istamagan vakili bildirishicha, bosqinlar davomida Al-Aqso masjidining tarixiy maqomi buzilgan. Isroilliklar diniy marosimlar o‘tkazib, ibodat qilgan hamda qo‘shiq kuylab, raqsga tushgan.
27 sentyabrdan beri minglab isroilliklar Sukkot diniy bayramini nishonlash bahonasida Al-Aqso masjidiga bostirib kirmoqda. Yahudiy bayramlari mavsumi 12–13 sentyabr kunlari Yangi yil (Rosh Ha-Shana) bilan boshlangan edi. Shundan so‘ng 21 sentyabrda Yom-Kippur, 26 sentyabrdan 2 oktyabrgacha Sukkot hamda 3 oktyabrda Simchat-Torah (Tavrot o‘qish sikli yakunlanadigan bayram) nishonlanadi.
Iyul oyida ham Al-Aqso masjidiga 4200 dan ortiq isroillik bostirib kirgandi. Ular o‘shanda ham muqaddas majmuada Isroil milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir bilan birgalikda yahudiy bayrami munosabati bilan diniy marosimlarni bajargandi.
Ma’lumot o‘rnida, musulmon bo‘lmaganlarga Islomning uchinchi muqaddas qadamjosini borib ko‘rishga ruxsat berilsa-da, 1967 yildagi kelishuvga ko‘ra, u yerda ibodat qilish taqiqlangan. Isroil Sharqiy Quddusni 1967 yildagi Arab-Isroil urushida bosib olgan va 1980 yilda o‘ziga qo‘shib olgan. Bu harakat xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmagan.