Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidi hududiga 30 sentyabr kuni ertalab 1300 dan ortiq isroillik kirdi.
Quddus Islom vaqflari boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, jami 1317 kishi Isroil polisiyasi kuzatuvi ostida majmua hududiga kirgan. Hodisa yahudiylarning Sukkot bayrami kunlariga to‘g‘ri kelgan.
Boshqarmaning ismini oshkor qilmagan vakili ayrim tashrif buyuruvchilar hududda diniy marosimlar va ibodatlar o‘tkazgani, qo‘shiq aytgani hamda raqsga tushganini bildirgan. Uning bahosiga ko‘ra, bu harakatlar Al-Aqsoda amal qilib kelayotgan tarixiy status-kvoga zid.
Al-Aqso musulmonlar uchun muqaddas maskanlardan biri hisoblanadi. Yahudiylar esa ushbu hududni "Ma’bad tog‘" deb ataydi va uni ham muqaddas joy sifatida qabul qiladi. Sukkot kunlarida mazkur hududga isroilliklarning kirishi ko‘paygani haqida Quddus Islom vaqflari boshqarmasi avvalgi kunlarda ham ma’lum qilgan.