Bugun 21 sentyabr, 2024 yil, shanba

КИР

13 yoshidan asar yoza boshlab, hayoti davomida 500dan ortiq kitob yozgan allomani bilasizmi?

13 yoshidan asar yoza boshlab, hayoti davomida 500dan ortiq kitob yozgan allomani bilasizmi?

Ushbu buyuk zot haqida ayrim ma’lumotlarni o‘rganish asnosida olim 89 yil umr kechirib, hayotlari davomida 500dan ortiq kitob yozgan ekanlarini o‘qib bildim. Alloh taolo bunday allomalarning vaqtiga qanchalar baraka ato etgani, naqadar yuksak iqtidor va kuchli zakovatga sazovor bo‘lishganini tafakkur qilarkanman, holimizga rahmim keldi. Toki bu o‘rganishlarimiz barchamizga ibrat bo‘lsin, o‘rnak bo‘lsin.

Imom Abul Faraj ibn Javziy (Abdurrahmon ibn Ali Hanbaliy Bag‘dodiy) uch yoshlik chog‘larida otalari olamdan ko‘z yumadi va onalari qaramog‘ida tarbiya ko‘radi. Yoshligidanoq ilm tahsilini boshlab, hofiz Muhammad ibn Nosir huzurida Qur’oni karimni to‘laligicha yod oladi.

Keyinchalik Abul Qosim Hiraviydan voizlik san’atini o‘rganadi. Shundan so‘ng faqih Ibn Zog‘uniyga shogird tushib, undan turli fanlar, ayniqsa, tafsir, hadis, fiqh, nahv, sarf, balog‘at, tarix, voizlik va boshqa sohalarda ko‘plab foydalar oladi.

Alloma bulardan tashqari usulul fiqh, ilmi xilof, ilmi jadal, hisob va tib ilmlarini Abu Bakr Daynuriy va qozi Abu Ya’lo kabi jami 90 ga yaqin o‘z davrining yetuk olimlaridan o‘rganadi.

Ibn Javziy bolalik davrlarida ham tengdoshlarining yosh bolalarga xos o‘yinlaridan uzoq bo‘lib, ilm talabiga sho‘ng‘igan holda hayot kechiradi. Bu haqda o‘zi: «Men biror marta yosh bolalar bilan o‘ynaganimni, baland ovozda kulganimni eslay olmayman», degan edi.

Ibn Javziyning boshqalardan ajralib turadigan ko‘plab xususiyatlari bo‘lib, ilmga o‘ta muhabbat va uni talab qilishga jo‘shqin shijoat, o‘tkir hifz, mislsiz zakovat, haddan tashqari oliy himmat hamda kamdan-kam insonlargina erisha oladigan zuhdu taqvo u kishini o‘z asrining yetuk olimi bo‘lib yetishlariga omil bo‘lgan.

Ibn Javziy olti yoshlarida hadis eshitishni, o‘n uch yoshlarida kitob yozishni boshlagan. Yigirma besh yoshidan to vafotigacha insonlarga va’z-nasihatlar qilib, ko‘pchilikning hidoyat yo‘lini topishiga sababchi bo‘lgan.

Bu haqda o‘zi: «O‘z qo‘llarim bilan ikki ming mujallad kitob yozdim, qo‘l ostimda yuz ming kishi gunohlariga tavba qildi va yigirma ming kishi musulmon bo‘ldi», degan.

Mashhur asarlaridan: «Al-mug‘niy» (Qur’oni karimning katta hajmdagi tafsiri bo‘lib, uni Ibn Javziyning o‘zi to‘rt juzga qisqartirib «Zodul masir» deb nomlagan); «Soydul xotir» (uch juz); «Minhojul qosidin» (ikki juz) va boshqalar.

«Al-vafiy bil vafayot» kitobida aytilishicha, olimning ba’zi shogirdlari u kishi yozib qoldirgan risolalarni jamlab, yashab o‘tgan umrlarining vaqtiga taqsimlashganida kuniga 9 risoladan to‘g‘ri kelgan ekan.

Ibn Javziy rahmatullohi alayh hijriy 597 yil 13 ramazon juma kechasi Bag‘dodda vafot etganlar.

P.S. Ilm talab etish, o‘rgangan bilimlarni ta’lim berishda o‘tmish buyuklarimiz qandayin ibrat maktablarini o‘taganlari haqida faqat o‘qib qo‘yishgina emas, balki ularga ergashish, farzandlarimiz va yaqinlarimizni ham ilm talab qilishga, bilim olishga qiziqish uyg‘otish, ularning odobli va komil insonlar bo‘lishlarida imkon yaratish har birimizning vazifamizdir. 

 Bobur Ahmad

manba: siyrat.uz 

 

Kiritildi: 06:00 12.09.2020. O'qildi: 4137 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!