Hindistonning Uttar-Pradesh shtati sharqida, Kushinagar tumanidagi qishloqda to‘y tantanalarida tasodifan quduqqa tushib ketgan 13 kishi, jumladan, yetti ayol va olti qiz halok bo‘ldi. Yana uch nafari kasalxonada.
Qayd etilishicha, halok bo‘lganlar orasida 20-35 yoshli ayollar, bir yoshli bola ham bor.
Rasmiylarga ko‘ra, to‘ydagi ayollar va bolalar eski quduqni qoplagan plita ustida o‘tirishgan. Plita og‘irlikni ko‘tara olmagan va uning ustida o‘tirganlar quduqqa tushib ketdi. Ular zudlik bilan kasalxonaga yetkazilgan, u yerda 13 kishi halok bo‘lgani ma’lum qilingan. Hodisa oqibatida ikki kishi og‘ir tan jarohati olgan.
Kasalxonadan olingan kadrlarda hamon to‘y libosida kiyingan qarindoshlari fojiada halok bo‘lgan yaqinlariga motam tutayotgani aks etgan. Tuman sudyasi S.Rajalingam OAVga shunday dedi: “Bizga tasodifan quduqqa tushib ketgan 11 kishi halok bo‘lgani va ikki kishi og‘ir jarohatlangani haqida ma’lumot oldik. Bu to‘y dasturi paytida, quduq plitasida bir necha kishi o‘tirgan paytda sodir bo‘ldi».
Keyinchalik og‘ir jarohatlangan ikki kishi ham vafot etgani ma’lum bo‘ldi.
Bosh vazir Narendra Modi voqeani «qayg‘uli» deb atadi, hamdardlik bildirdi. Voqea yuzasidan qo‘shimcha tergov ishlari davom etmoqda.