Joriy yilning 27 aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, “Milliy tiklanish” partiyasi fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov boshchiligida Yalpi yig‘ilishga kiritilayotgan qonun loyihalari yuzasidan fraksiya a’zolari bilan birgalikda navbatdagi videokonferensiya o‘tkazildi. Unda uchta dolzarb masala muhokamaga qo‘yildi.
Jumladan, “Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishi lozim bo‘lgan shaxslar – O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining ro‘yxati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi nazarda tutilmoqda. Qonun loyihasida “propiska” so‘zi o‘rniga hozirgi kunda barcha davlatlar ushbu atamadan voz kechganligi sababli “doimiy propiska” so‘zlari “yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish” so‘zlariga almashtirilishi, qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida fuqarolarga nafaqat birinchi va ikkinchi darajadagi qarindoshlari yashab turgan manzilga, balki ularning egaligida bo‘lgan uy-joy maydoniga ham doimiy ro‘yxatga turish imkoniyati yaratilishi, er-xotinning nikohdan keyin bir yil davomida birgalikda yashash sharti va bir yil ichida nikoh bekor qilingan taqdirda propiskani yo‘qotish bo‘yicha qoidalar bekor qilinishi, davlat hokimiyati organlarida, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarida hamda boshqa davlat tashkilotlarida uzluksiz besh yil va undan ortiq bo‘lgan davr mobaynida mehnat faoliyatini olib borayotgan xodimlar (texnik, xizmat ko‘rsatuvchi va ishlab chiqarish xodimlaridan tashqari) tegishli organ yoki tashkilot rahbarining ma’lumotnomasiga ko‘ra, shuningdek, ularning oila a’zolariga doimiy ro‘yxatga turish bo‘yicha band kiritilishi kabi yangiliklar nazarda tutilmoqda.
Taklif etilayotgan Qonun loyihasining qabul qilinishi natijasida:
- O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining poytaxt mintaqasida doimiy ro‘yxatga olish tartib – taomillari liberallashtiriladi hamda fuqarolarni erkin ko‘chib yurish sohasidagi huquqlari mustahkamlanadi;
- doimiy ro‘yxatga olish masalalari bo‘yicha shikoyat qiluvchi shaxslarning e’tirozlari kamayadi;
- er-xotinga ular nikohdan o‘tgan kunning o‘zida yashash joyi bo‘yicha doimiy ro‘yxatga qo‘yish huquqini beradi va oila mustahkamligini ta’minlanishiga zamin yaratadi.
Shu bilan birga, yig‘ilishda muhokama qilingan “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi bilan fuqarolarga qator yengilliklar yaratilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi va respublikaning boshqa mintaqalarida doimiy propiskaga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi yangi qurilgan uylarda ko‘chmas mulk oldi-sotdisi shartnomalarini rasmiylashtirish uchun davlat bojining alohida staveasi bekor qilinmoqda.
Notarial amaliyotda, xususan bitimlarni tasdiqlaganlik va meros ishlarini rasmiylashtirganlik uchun davlat bojini undirishda yoki davlat bojini to‘lashdan ozod qilishda ayrim tushunmovchiliklar kelib chiqmoqda. Ushbu loyiha bilan davlat bojidan ozod qilish, davlat bojini undirishning o‘ziga xos xususiyatlariga aniqlashtiruvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Notarial harakatlarni amalga oshirganlik uchun undiriladigan ayrim to‘lovlar miqdorining differensial tarzda hisoblab chiqarish tartibi ularni undirishda tafovutlar kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda. Xususan, notariuslar tomonidan davlat boji undirishda va bu borada imtiyoz qo‘llashda fuqarolar uchun shaffoflik ta’minlanmayapti. Mazkur loyiha bilan bir qator notarial harakatlarni amalga oshirganlik uchun belgilangan davlat boji miqdorlarining stavkalari optimallashtirilmoqda. Advokatlik faoliyati va xususiy notarial faoliyat lisenziyalanadigan faoliyat turlari hisoblanadi. Shu bois, ushbu faoliyat turlari bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi lisenziya berganlik uchun davlat boji undirilishi bo‘yicha Qonunga tegishli qo‘shimcha kiritilmoqda.
Har ikkala qonun loyihalari deputatlar tomonidan konseptual jihatdan muhimligi uchun birinchi o‘qishda
ma’qullandi. Mazkur qonunlar kelajakda xalqimiz manfaatini ko‘zlashi shubhasiz.
Muborak AHMEDOVA,
O‘zbekiston Republikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi deputati,
«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi.