Bugun, 29 aprel kuni Markaziy bank asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi boshqaruv yig‘ilishini o‘tkazdi. Jarayon yuzasidan e’lon qilingan sharhda bir qator omillar sabab asosiy stavka 14 foiz darajasida saqlab qolingani bildirilgan.
Markaziy bank narxlarga oshiruvchi bosim beruvchi omillar qatorida geosiyosiy ziddiyatlarga to‘xtalgan. Xususan, Yaqin Sharqdagi urush fonida jahon bozorida neft va oziq-ovqat narxlarining oshishi bo‘yicha xatarlar kuchaymoqda. Bu logistika va tashish xarajatlarining ortishi bilan birga kelgusida import narxlari orqali ichki inflyasiyaga qo‘shimcha bosim yaratishi mumkin.
Iqtisodiyotdagi inflyasion kutilmalar ham mart oyida pasayishda davom etgan bo‘lsada, inflyasiyaning prognoz ko‘rsatkichlaridan yuqori darajada shakllanmoqda.
“So‘nggi oylardagi inflyasiyaning keng qamrovli pasayishining sekinlashishi hamda joriy inflyasiya tendensiyalari iqtisodiyotda ma’lum bir inflyasion bosimlar saqlanib qolayotganini namoyon etmoqda”, deyiladi regulyator sharhida.
Markaziy bank narxlar barqarorlashuv jarayonlari sustlashib, bunga ta’sir ko‘rsatuvchi tashqi omillar kuchayiib borayotganini qayd etgan
Asosiy savdo hamkor davlatlar valyutalari mustahkamlanayotgani, oltin narxi yuqori darajada saqlanib qolayotgani, eksport tushumlari va pul o‘tkazmalarining barqaror o‘sishi ichki valyuta bozoridagi taklifni qo‘llab-quvvatlayapti.
Yangilangan prognozlarga ko‘ra, 2026 yil yakunida yillik inflyasiya darajasi 6,5 foiz atrofida shakllanishi kutilyapti. Joriy yil mart oyida inflyasiya yillik 7,1 foizgacha pasaydi. Yanvar-mart oylarida iqtisodiy faollik jadallashib, yalpi ichki mahsulot real hisobda 8,7 foizga o‘sdi.
Markaziy bank mamlakatga jalb etilayotgan investisiyalar hajmi barqaror oshib borayotgani kelgusi choraklarda ham iqtisodiy o‘sish omillarini qo‘llab-quvvatlashda davom etishiga ishonch bildirgan. Mazkur omillarni inobatga olib, 2026 yil uchun iqtisodiy o‘sish bo‘yicha prognozlar 7-7,5 foizgacha oshirilgan.
“Iqtisodiy faollikning jadallashuvi, yuqori yalpi talab va tashqi iqtisodiy muhitdagi noaniqliklar fonida inflyasiyani 5 foizlik target darajasiga barqaror pasaytirish maqsadida qat’iy pul-kredit sharoitlarini davom ettirish lozim deb topildi”, deyiladi sharhda.
Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2026 yil 17 iyun kuniga belgilangan.