Bugun 26 oktyabr, 2025 yil, yakshanba

КИР

Turkiyadagi 4 ta qishloq “2025 yilning eng yaxshi turizm qishlog‘i” maqomiga sazovor bo‘ldi

Turkiyadagi 4 ta qishloq “2025 yilning eng yaxshi turizm qishlog‘i” maqomiga sazovor bo‘ldi

BMT Jahon turizm tashkilotining (UNWTO) “2025 yilning eng yaxshi turizm qishlog‘i” nominasiyasi bo‘yicha taqdirlash marosimi Xitoyning Xuzjou shahrida bo‘lib o‘tdi. Unda Turkiyadagi to‘rtta qishloq: Mug‘la viloyatidagi Akyaka, Izmirdagi Barbaros, Mardindagi Anitli va Antaliyadagi Kale Uchag‘iz “2025 yilning eng yaxshi turizm qishlog‘i” e’tirofiga sazovor bo‘ldi.

To‘rtta yangi qishloq qo‘shilishi bilan Turkiya BMTning eng yaxshi turizm qishloqlariga ega mamlakatlar ro‘yxatida to‘qqizinchi o‘ringa ko‘tarildi.

Akyaka: sohil bo‘yidagi “jannat”

Akyaka qishlog‘i Mug‘la viloyatida joylashgan bo‘lib, u yam-yashil tog‘lar va moviy dengiz orasidagi noyob osoyishta maskan sanaladi. Qishloq shamol syorfingi, kaytsyorfing, velosiped haydash va piyoda sayr qilish kabi ochiq havo mashg‘ulotlari uchun keng imkoniyatlarga ega. Bundan tashqari, qishloq me’morchiligining eng go‘zal namunalarini Usmonli va Egey uslublarini mujassam etgan an’anaviy Ula uylarida ko‘rish mumkin. Shaharning shovqin-suronidan qochib, sokin hayot izlaganlar uchun bu qishloq ayni muddao. Akyaka xalqaro Cittaslow tarmog‘iga a’zo bo‘lib, bu yerda sokin va sekin hayot hukmron.

Barbaros: chinakam mehmondo‘st qishloq

Barbaros qishlog‘i Izmir viloyatining Urla tumanida joylashgan. Bu qishloqqa tashrif buyursangiz, ko‘z oldingizda toshdan barpo etilgan uylar va mahalliy me’morchilikning betakror namunalari namoyon bo‘ladi. Qolaversa, mazali taomlari, mehmondo‘st aholisi, mahalliy mahsulotlari va an’anaviy hunarmandchiligi bilan mashhur. Qishloqning tor ko‘chalarida “Çat kapı” deb yozilgan belgili eshiklarni taqillatib, xonadonlarda mahalliy zaytun moyi, sabzavot va o‘simliklardan tayyorlangan milliy taomlardan tatib ko‘rish mumkin. Bundan tashqari, bahor faslida o‘tkaziladigan Oyuk festivalida ko‘chalarni bezash uchun somondan yasalgan qo‘g‘irchoqlar o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi.

Anitli: Tarixiy va madaniy maskan

Anitli qishlog‘i Mardin viloyatining Midyat tumanida joylashgan. Mardin viloyati turli madaniyat va din vakillari — suryoniylar, musulmonlar, yezidlar hamda nasroniylar tinch-totuv yashab kelayotgan madaniy beshik hisoblanadi. Anitliga qadimda nasroniylar asos solgan. U bugungi kungacha o‘z tarixiy qiyofasini saqlab qolgan hududlardan biridir. Bibi Maryam cherkovidagi tonggi va kechki ibodatlar, har o‘n besh kunda bo‘lib o‘tadigan maxsus marosimlar, shuningdek Rojdestvo va Pasxa davridagi diniy urf-odatlar —bu diniy turizmga qiziqadigalar uchun bebaho imkoniyatdir. Bundan tashqari, bu yerga kelgan sayyohlar Midyat xalqaro madaniyat va san’at festivalida ishtirok etish, qora qovurilgan no‘xat, bodomli shakar kabi mahalliy taomlardan tatib ko‘rish, hatto mahalliy aholi bilan birgalikda meva terish kabi an’anaviy qishloq hayoti tajribalaridan bahramand bo‘lishlari mumkin.

Kale Uchag‘iz: qirg‘oqdagi yashirin marvarid

Kale Uchag‘iz Antaliya viloyatining Demre tumanida joylashgan bo‘lib, uning tarixi asrlarga borib taqaladi. Bu joy shunchaki oddiy qishloq emas — uning ko‘chalari va diqqatga sazovor joylaridan tarix nafasi ufurib turadi. “Qal’a qishlog‘i” nomi bilan ham tanilgan Kale Uchag‘iz asosiy yo‘llardan yiroqda joylashgani bois dengiz suvi tiniq va shaffof. Bu qishloq uzoq masofali Likya yo‘lining kirish eshigi hisoblanadi. Bu yerdan turli qo‘ltiqlarni kezuvchi qayiq sayohatlariga chiqish yoki kanoyeda suzib, suv ostidagi qadimiy yodgorliklarni tomosha qilish mumkin. Qishloq, shuningdek, zaytun daraxtlari bilan qoplangan tepaliklari, begonvillar bilan bezatilgan tosh uylari va baliqchi qayiqlariga to‘la kichik bandargohi bilan sayyohlar qalbini zabt etmoqda.

Kiritildi: 10:11 24.10.2025. O'qildi: 630 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!