Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu o‘t ochishni to‘xtatish rejimi buzilganini tan oldi va Isroil armiyasi G‘azo sektoriga so‘nggi hujumlarda 153 tonna bomba tashlaganini ma’lum qildi.
Parlament majlisi ochilishida nutq so‘zlagan Netanyaxu G‘azoda amal qilayotgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga zid ravishda amalga oshirilgan havo hujumlariga izoh berdi. Uning so‘zi chog‘ida parlamentdagi muxolifat deputatlari bosh vazir nutqini bir necha bor to‘xtatgan.
Netanyaxuning ta’kidlashicha, kechagi Isroil hujumlari natijasida G‘azo bo‘ylab 44 falastinlik halok bo‘lgan.
“Oteshkesim XAMASga bizga tahdid qilish huquqini bermaydi. Isroilga qilingan har qanday hujum og‘ir oqibatlarga olib keladi”, — dedi u.
Bosh vazir XAMASni o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini buzishda ayblab, qo‘shimcha qildi:
“Oteshkesim paytida ikki askarimiz halok bo‘ldi. XAMAS bosimni yumshatganimizni his qildi. G‘azo bo‘ylab o‘nlab nishonlarni urib, 153 tonna bomba tashladik.”
Isroil avvalroq Rafa shahrida Isroil kuchlariga XAMAS hujumi uyushtirilgani haqidagi taxminlarga javoban G‘azo hududini bombalaganini ma’lum qilgan edi.
Shu bilan birga, XAMASning harbiy qanoti o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga qat’iy rioya qilishini va Rafa hodisalari bilan hech qanday aloqasi yo‘qligini bayonot qildi.
Manbalarga ko‘ra, Netanyaxu XAMAS tomonidan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi buzilganini bahona qilib, G‘azoga “qattiq javob zarbasi” berishni buyurgan.
Falastin manbalari esa Rafa shahridagi to‘qnashuvlar XAMAS jangchilari va Yosir Abu Shebob boshchiligidagi Isroil armiyasiga aloqador qurollangan guruh o‘rtasida sodir bo‘lganini ma’lum qilmoqda.
G‘azoga berilgan zarbalardan so‘ng Isroil armiyasi o‘t ochishni to‘xtatish rejimi qayta tiklanganini e’lon qildi.