Bugun 23 oktyabr, 2025 yil, payshanba

КИР

Istanbul – qadim tarix va madaniyat o‘chog‘i

Istanbul – qadim tarix va madaniyat o‘chog‘i

Istanbul – Osiyo va Yevropa qit’asini birlashtirgan, tarixiy yodgorliklari, boy oshxona madaniyati va qulay dam olish maskanlari bilan millionlab sayyohlarni o‘ziga jalb qilgan shahardir. Ushbu maftunkor metropolga 2025 yilning dastlabki to‘qqiz oyida 13,5 million sayyoh tashrif buyurdi.

Iste’molchilar manfaatini himoya qiluvchi Which? tashkilotining so‘rov natijalariga ko‘ra, Istanbul 2025 yil Yevropaning eng yaxshi besh dam olish joylaridan biri sifatida e’tirof etilgan. Shu bilan birga, nufuzli Reader’s Choice Awards tanlovi doirasida Condé Nast Traveller jurnali o‘quvchilari ham Istanbulni oilaviy sayohatlar uchun eng qulay shaharlardan biri sifatida tanlagan.

Ikki qit’a bag‘ridagi bebaho xazinalar

Istanbul – tarix va madaniyat o‘chog‘i. Shahar ming yillar davomida imperiyalar tomonidan shakllangan boy madaniy merosga ega. YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Tarixiy yarim orol madaniy kashfiyotni boshlash uchun eng munosib maskan sanaladi. Bu hududda dunyoga mashhur Aya Sofiya, Moviy masjid, Yerebatan sardoni va Topkapi saroyi joylashgan. Bir necha qadam narida esa Katta bozor va Ziravorlar bozoridagi turfa rang, hid va tovushlarning betakror uyg‘unligi hayratga soladi. Bu manzara asrlar davomida yashab kelayotgan Istanbulning jonli savdo ruhini aks ettiradi.

Bir tomonda kuzning oltin nurlari Bosfor bo‘g‘ozini yoritib turar ekan, boshqa tomonda qirg‘oq bo‘yidagi muhtasham qasrlar, to‘lqinlar uzra raqsga tushayotgan chaykalar va osmono‘par masjid-u minoralar shahar manzarasiga o‘ziga xos ko‘rk bag‘ishlaydi. Har bir ko‘cha alohida dunyo: Istiqlol ko‘chasining jo‘shqin hayoti, Galataportning dengizbo‘yi jozibasi hamda Karako‘yning hilvat go‘shalari beixtiyor o‘ziga tortadi. Tor ko‘chalarda joylashgan zamonaviy kafelar, muzeylar, san’at galereyalari va butik do‘konlar shahar atmosferasini boyitadi. Istanbulning chinakam badiiy ruhini his qilish uchun Istanbul Modern, Ataturk madaniyat markazi, Arter va Mesher kabi san’at maskanlariga tashrif buyurish kifoya.

Istanbulda madaniyat fasli

Kuz faslida Istanbulning madaniy hayoti jonlanadi. Shahar ko‘plab tadbir va festival dasturlari bilan yanada gavjum bo‘ladi.

Istanbul Kino muzeyida “The Art of James Cameron” nomli ko‘rgazma o‘tkazilmoqda. Unda taniqli rejissyor Jeyms Kemeronning 300 dan ortiq asari namoyish etiladi. 27 sentyabrda ochilgan ushbu ko‘rgazma olti oy davomida tomoshabinlar uchun ochiq bo‘ladi.

Shuningdek, mashhur fotograf Stiv Makkyurining “The Haunted Eye” nomli ko‘rgazmasi ham san’at ixlosmandlarining qalbidan joy olmoqda. Ushbu ko‘rgazma MSGSÜ Tophane-i Amire madaniyat va san’at markazida 30 noyabrgacha davom etadi.

Bu yili Kristin Tome boshchiligida “Uch oyoqli mushuk” mavzusidagi Istanbul Biyennalesi ham o‘z faoliyatini boshlaydi. Ushbu xalqaro san’at forumi 2025–2027 yillar davomida uch bosqichda o‘tkazilib, turli badiiy yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi.

Deyarli 50 yildir Avstriyada o‘tkazib kelinayotgan va “texnologik san’atlar” sohasidagi eng nufuzli festival sifatida tan olingan Ars Electronica dasturi bu safar Istanbul san’at ahli bilan Zorlu PSM sahnasida 21–28 oktyabr kunlari uchrashadi.

Istanbul Madaniyat va san’at jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan 29 Istanbul Teatr festivali 20 oktyabr kuni o‘z eshiklarini ochadi. Festivalda Turkiya va xorijdan 16 ta teatr hamda raqs tomoshalari namoyish etiladi va 22 noyabrgacha davom etadi.

Uzoq yillik oshxona madaniyati

Kuzgi Istanbul sayohati tom ma’noda taom sarguzashtiga aylanadi — axir bu shahar lazzatlari bilan insonni o‘ziga rom etishni juda yaxshi biladi. Har kuni zavq bilan iste’mol qilinadigan an’anaviy turk nonushtalari, lola shaklidagi stakanlarda beriladigan issiq choy, simit, shuningdek, ziravorli kokorech, turli souslar bilan tayyorlangan kumpir (pechda pishirilgan kartoshka) va mide do‘lma kabi ko‘cha taomlarining betakror dunyosi Istanbulni yanada jozibali qiladi!

Kiritildi: 10:24 21.10.2025. O'qildi: 496 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!