Bu haqda Fransiya madaniyat vaziri Rashida Dati o‘zining X sahifasida xabar berdi. O‘g‘irlik bugun, 19 oktyabr kuni ertalab sodir bo‘lgan.
Hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagani, tashrif buyuruvchilar Luvrdan evakuasiya qilingani va muzey "favqulodda sabablar tufayli" kun bo‘yi yopiq bo‘lishi e’lon qilindi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, uch nafar jinoyatchi Luvrga qurilish ishlari olib borilayotgan yon tomondan kirib, yuk liftida binoning “Apollon” qismiga ko‘tarilgan, so‘ngra imperator Napoleon va uning rafiqasi kolleksiyasidagi 9 ta eksponatni o‘g‘irlab ketgan, biroq o‘g‘irlangan narsalar orasida eng yirik olmos - “Regent” brillianti yo‘qligi ma’lum qilindi.
Fransiya ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, "bebaho" javohirlar 7 daqiqa ichida o‘g‘irlangan va jinoyatchilar ehtimol skuterlarda qochib ketishgan. Le Parisien nashri ma’lumotlariga ko‘ra, o‘g‘irlangan qimmatbaho buyumlardan biri muzey yaqinida singan holda topilgan bo‘lib, bu Napoleon III ning rafiqasi imperatrisa Yevgeniyaning toji bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.