Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi (XOQ) Indoneziyaning bu yil Jakartada o‘tkaziladigan sport gimnastikasi bo‘yicha jahon chempionatida ishtirok etishi kerak bo‘lgan isroillik sportchilarga viza bermaslik qarorini tanqid qilib, bayonot e’lon qildi.
"XOQning prinsipial pozisiyasi juda aniq: bunga haqli bo‘lgan barcha sportchilar, jamoalar va sport mansabdor shaxslari Olimpiya xartiyasi hamda Olimpiya harakatini boshqaradigan kamsitmaslik, mustaqillik va siyosiy betaraflikning asosiy tamoyillariga muvofiq mezbon mamlakat tomonidan hech qanday kamsitishsiz xalqaro sport musobaqalari va tadbirlarida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lishi shart", deyiladi bayonotda.
Ma’lum bo‘lishicha, Indoneziya hukumati o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuv tasdiqlangan bo‘lishiga qaramay, Isroilning G‘azo sektoridagi harbiy operasiyasi tufayli Isroil terma jamoasiga viza berishni rad etgan. Sport arbitraj sudi (CAS) Isroil gimnastika federasiyasining arizasini qabul qilmadi. Federasiya Xalqaro gimnastika federasiyasidan "Isroilning chempionatda ishtirok etishini kafolatlaydigan zarur choralarni ko‘rishga majburlash" yoki chempionatni "ko‘chirish yoxud bekor qilish"ni talab qilgan edi. Sud buni "Xalqaro federasiya vakolatlari doirasidan tashqarida" ekanligini aytib, rad etdi.