Bugun 20 oktyabr, 2025 yil, dushanba

КИР

Aziz Abduhakimov: "Prezident islohotlari 2030 yilda O‘zbekistonga keladigan xorijlik sayyohlar sonini bemalol 25 millionga yetkazish imkonini beradi"

Aziz Abduhakimov: "Prezident islohotlari 2030 yilda O‘zbekistonga keladigan xorijlik sayyohlar sonini bemalol 25 millionga yetkazish imkonini beradi"

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan zamonaviy transport tarmog‘ini yaratish va bu orqali turizm infratuzilmasini rivojlantirish, shuningdek, turizm xizmatlari sifatini yaxshilashga qaratilayotgan e’tibor natijasida 2030 yilga borib xorijiy sayyohlar soni — 25 millionga, ichki sayyohlar soni esa 50 million nafarga yetishi mumkin.

Xususan, yangi xalqaro aeroportlar qurilib, ularning soni 18 taga yetkazildi. Hududlarda 7 ta xalqaro aeroport zamon talablari asosida ta’mirlanmoqda. Shuningdek, yurtimizga tashrif buyurayotgan sayyohlar soni yildan-yilga oshib borayotgani sababli, sohadagi yetakchi xorijiy ekspertlar va jamoatchilik vakillarini inobatga olgan holda Toshkent viloyatida yangi xalqaro aeroport ham barpo qilinmoqda.

Hozirda Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar, Koreya, Xitoy, Hindiston, Malayziya, Turkiya, Rossiya, Polsha kabi davlatlarning 51 ta aviakompaniyasi O‘zbekistonga doimiy qatnovlarni amalga oshirmoqda. AQShdan 22 ta zamonaviy "Boeing" samolyotining xarid qilinishi esa O‘zbekistonni Janubi-Sharqiy Osiyo, Yevropa, AQSh va boshqa mintaqalar bilan bog‘lab, sayyohlar hamda ishbilarmonlar uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.

Shu bilan birga, mamlakat ichida temiryo‘l va avtomobil infratuzilmasi ham modernizasiya qilinmoqda. Turistik yo‘nalishlarni bog‘lovchi yangi qulay elektropoyezdlar va tezyurar poyezdlar, elektrobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yilmoqda, avtobus parki hamda yo‘lbo‘yi infratuzilmasi mamlakatimizning chekka hududlarini ham qamrab olgan turistik marshrutlar bo‘ylab rivojlantirilmoqda.

"O‘zbekistonga tashrif buyuradigan turistlar sonini 2030 yilga borib 25 MILLIONga yetkazish maqsad qilingan. Hozirda yurtimizga har oy 1 MILLIONdan ortiq turist kelmoqda. Belgilangan maqsadga erishish uchun esa bu ko‘rsatkichni oyiga 2 MILLIONdan oshirishimiz lozim. Prezidentimizning transport infratuzilmasini rivojlantirish, aeroportlar sonini oshirish va ularning o‘tkazuvchanlik qobiliyatini yaxshilash, reyslar, mehmonxonalar sonini ko‘paytirishga qaratilgan islohotlari turistik infrastrukturani yanada yaxshilash va xorijlik turistlar sonini bemalol 25 MILLIONga yetkazish imkonini beradi", — dedi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov.

Olib borilayotgan islohotlar zamonaviy, qulay va xavfsiz transport tizimini yaratib, O‘zbekistonni mahalliy va xorijlik sayyohlar uchun yanada qulay va sevimli maskanga aylantirishi shubhasiz.

Kiritildi: 12:05 17.10.2025. O'qildi: 542 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!