Agentlikning sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga tayanib xabar berishicha, mazkur ommaviy qabrlar Damashqning shimoli-sharqida joylashgan Al-Qutayfa shahri yaqinida bo‘lgan. Mazkur hududda 2012 yildan boshlab Suriyadagi fuqarolar urushi davrida qamoqxonalar va harbiy shifoxonalarda vafot etgan askarlar hamda mahbuslar dafn etilgan.
Suriya gvardiyasi sobiq zobitining so‘zlariga ko‘ra, jasadlarni ko‘chirish g‘oyasi 2018 yildan so‘ng paydo bo‘lgan. O‘sha paytda bir necha yildan beri shafqatsizlik va ommaviy qatag‘onlarda ayblanib kelayotgan Bashar Asad o‘zining xalqaro imijini tiklashni maqsad qilgan.
Guvohlarning aytishicha, 2019 yil fevralidan 2021 yil apreligacha deyarli har hafta olti-sakkizta yuk mashinasi Al-Qutayfadagi ommaviy qabrdan bir necha o‘n kilometr uzoqlikdagi yangi joyga jasad qoldiqlarini tashigan. Reuters o‘sha joyda sun’iy yo‘ldosh tasvirlari yordamida uzunligi 20 dan 125 metrgacha bo‘lgan kamida 34 ta xandaqni aniqlagan. Shu sababli bu yerda o‘n minglab odamlar dafn etilgan bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.