Avvalroq, Samarqand shahrida 28 yoshli shaxs o‘z boshqaruvidagi Lacettiʼni piyodalar o‘tish yo‘lagidan o‘tayotgan odamlar ustiga haydagani haqida xabar berilgandi. Haydovchi qilgan ishi ortidan 7 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda “Millar” xabar berdi.
Voqea 11 aprel kuni soat 20:00 da sodir bo‘lgan. 1997 yilda tug‘ilgan shaxs o‘z boshqaruvida bo‘lgan Lacetti avtomashinasini Samarqand shahar “Nurli yo‘l” MFYdan o‘tuvchi Rudakiy ko‘chasi bo‘ylab boshqarib borayotgan vaqtida piyodalar o‘tish yo‘lagidan yo‘lni kesib o‘tayotgan piyodalarni urib yuborib, yo‘l-transport hodisasi sodir etgan. Hodisa oqibatida tan jarohati olgan piyodalar shifoxonaga olib borilib, tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Ulardan biri vafot etgan.
Haydovchining ishi Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudida ko‘rib chiqilgan.
Erkak Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi bilan 3 yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan, 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.