Bugun 1 oktyabr, 2025 yil, chorshanba

КИР

"Yolg‘on allergiya": Organizm nega "aldaydi?"

"Yolg‘on allergiya": Organizm nega "aldaydi?"

Tibbiyotda faqat simptomlarga asoslanib tashxis qo‘yib bo‘lmaydi. Chunki ko‘plab kasalliklarning belgilari o‘xshash. Shu bois shifokor bemorga klinik, laborator, instrumental, funksional yoki molekulyar-genetik tekshiruvlarni buyurishi mumkin.

Bu holat allergologiya sohasida ham uchraydi. Yaqqol ko‘rinib turgan alomatlar hamisha allergik patologiyalarga daxldor emas. Hatto, bu psevdoallergiya (yolg‘on allergiya) bo‘lishi ham mumkin.

➡️ Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Ilmira Razikova shu haqda ma’lumot berdi.

— Psevdoallergiya – immun tizimi ishtirokisiz paydo bo‘ladigan holat, — deydi mutaxassis. — Ya’ni, haqiqiy allergiyada organizm maxsus allergenga qarshi antitana ishlab chiqaradi va bu immun tizimining javob reaksiyasi orqali namoyon bo‘ladi.

Psevdoallergiyada esa antitanalar hosil bo‘lmaydi, ammo allergiyaga o‘xshash belgilar rivojlanadi. Bu holat organizmda gistamin moddasi ajralib chiqishining buzilishi yoki boshqa moddalar ta’sirida kelib chiqadi.

✅ Oshqozon-ichak kasalliklari, ba’zi oziq-ovqat mahsulotlari, anomal harorat, kimyoviy qo‘shimchalar, sovunlar, pestisidlar va toksinlar ham bu patologiyani yuzaga keltiruvchi omillardir.

🩺 Psevdoallergiyani aniqlash uchun, albatta, allergolog-immunolog shifokor tekshiruvi talab etiladi. Mutaxassis bemorning kasallik tarixi va shikoyatlarini o‘rganadi. Tegishli qon tahlillarini oladi va immunologik sinamalar o‘tkazadi.

❗️Bu holatni keltirib chiqarayotgan omil aniqlangach, uni bartaraf etishga qaratilgan muolajalar tayinlanadi.

Eng ko‘p qo‘llaniladigan samarali usul parhezga rioya qilish, gistamin moddasini ko‘p ishlab chiqaruvchi mahsulotlar iste’molini cheklashdan iborat.

O‘z navbatida, antigistamin dori vositalari buyurilishi mumkin. Ular simptomlarni yengillashtiradi. Enterosorbentlar esa zararli moddalarni organizmdan chiqaradi. Nafas olish qiyinlashganda simptomatik davo choralari ham qo‘llanilishi mumkin.

💉 Organizmdagi jigar yoki oshqozon-ichak kasalliklari bo‘lsa, ularni bartaraf etish tavsiya etiladi.

🏥 Ayni paytda markazimizda psevdoallergiyani ilg‘or diagnostika usullari yordamida aniqlash va zamonaviy yondashuvlar asosida davolash yo‘lga qo‘yilgan.

Kiritildi: 11:53 28.09.2025. O'qildi: 871 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!