AQSh Prezidenti Donald Tramp seshanba kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasidagi chiqishi chog‘ida iqlim o‘zgarishini “dunyodagi eng katta firibgarlik” deb atab, global ekologik tashabbuslar va ko‘p tomonlama institutlarga nisbatan tanqidiy qarashlarini yana bir bor ochiq bayon etdi.
Olimlarning fikricha, iqlim o‘zgarishi haqiqatdan mavjud bo‘lib, asosan inson faoliyati natijasida yuzaga kelmoqda va tobora og‘irlashmoqda. Ular haroratning ko‘tarilishi, kuchliroq bo‘ronlar va muzliklarning erishini bunga yaqqol misol sifatida keltiradi. BMT kabi tashkilotlar esa iqlim muammolariga chora ko‘rishni kechiktirish sayyoramiz va insoniyat uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishini ogohlantirib kelmoqda.
Tramp o‘zining deyarli bir soatlik nutqida iqlim o‘zgarishiga bir necha daqiqa bag‘ishlab, Yevropa Ittifoqini uglerod izlarini kamaytirgani uchun tanqid qildi. U bu holat Ittifoq iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatganini ta’kidladi va qayta tiklanuvchi energiyaga katta sarmoya kiritgan davlatlarni ogohlantirib, bu ularning iqtisodiy barqarorligiga xavf tug‘dirishini aytdi.
"Bu, mening fikrimcha, dunyoga qilingan eng katta firibgarlikdir, — dedi Tramp Bosh Assambleya minbaridan. — BMT va boshqa ko‘plab tashkilotlar tomonidan berilgan bashoratlarning aksariyati noto‘g‘ri bo‘lib chiqdi — ko‘pincha yomon niyatlar bilan aytilgan."
Tramp prezidentlik lavozimini 2025 yil yanvarda ikkinchi marta egallagach, AQSh 2015 yilda 195 ta davlat tomonidan global haroratning 1,5°C dan yuqori ko‘tarilishini oldini olish maqsadida imzolangan Parij kelishuvidan yana chiqish to‘g‘risida rasmiy bildirishnoma taqdim etdi. Bu qaror AQShni faqat Yaman, Eron va Liviya qatoridagi oz sonli davlatlar safida qoldirdi.
Tramp ma’muriyati “energiya ustuvorligi” siyosatini olib bormoqda. Unga ko‘ra, neft, gaz va ko‘mir ishlab chiqarish va eksport qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda, qayta tiklanuvchi energiya esa e’tibordan chetda qolmoqda, garchi u iqtisodiy jihatdan raqobatbardosh bo‘lib borayotgan bo‘lsa ham.
"Bizda neft eng ko‘p, gaz eng ko‘p, agar ko‘mirni ham qo‘shsangiz — dunyodagi eng ko‘p zahiralar bizda," — dedi Tramp.
Uning bu bayonoti BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning iqlim bo‘yicha sammiti arafasida yangradi. Ushbu sammitda davlatlarning yangi iqlim strategiyalari muhokama qilinadi.
Guterrish esa jahon hamjamiyatini toza energiyaga o‘tish yo‘lida birlashishga chaqirmoqda.
“Faqat pul oqimini kuzating,” — degan edi Guterrish iyun oyida.
“O‘tgan yili toza energiyaga $2 trillion sarmoya yo‘naltirildi — bu esa fossil yoqilg‘ilarga qilingan investisiyadan $800 milliardga ko‘p bo‘lib, so‘nggi o‘n yillikda deyarli 70% o‘sishni ko‘rsatadi.”