Bugun 27 sentyabr, 2025 yil, shanba

КИР

Pulli yo‘llar haqida qonun: deputatlar nimalarni ma’qulladi?

Pulli yo‘llar haqida qonun: deputatlar nimalarni ma’qulladi?

Parlamentda pulli avtomobil yo‘llari qurilishiga huquqiy asos yaratuvchi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ma’qullandi. Agar tekin muqobil yo‘l bo‘lsagina pulli yo‘l qurilishi belgilandi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida «Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi. Deputatlar tomonidan hujjat mamlakat yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish va zamon talablariga moslashtirishga qaratilgani ta’kidlandi.

Loyihaga ko‘ra, yo‘llarni rejalashtirish va loyihalashda aholi fikri, atrof-muhitga ta’sir va piyodalar uchun qulaylik alohida hisobga olinadi. Shu bilan birga, yo‘llar qurilishi jarayonida kommunikasiya tarmoqlarini tiklash xarajatlari ham qoplanishi shart qilib belgilandi.

Qonun katta hajmli va og‘ir vaznli transport vositalari harakatini tartibga solish hamda yo‘l bo‘yida xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini joylashtirish bo‘yicha talablarni aniq belgilaydi.

Eng muhim jihatlardan biri — pulli avtomobil yo‘llari to‘g‘risidagi moddalardir. Loyihaga ko‘ra, pullik trassalar qurilishiga faqatgina shu yo‘nalishda muqobil, bepul yo‘l mavjud bo‘lsa, ruxsat beriladi. Yo‘ldan foydalanish uchun belgilanadigan to‘lov esa aholi va iqtisodiyot ehtiyojlariga mos, ijtimoiy adolatli va iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlaydigan bo‘lishi shart.

Majlisda deputatlar qonun loyihasini tayyorlashda bildirilgan fikr va takliflar inobatga olinganini qayd etdilar. Hujjat takomillashtirilgan shaklda qabul qilindi va Senatga yuborildi.

Kiritildi: 13:33 24.09.2025. O'qildi: 656 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!