O‘zbekistonda soliq hisobotini kechiktirib topshirgan 53 mingdan ortiq tadbirkor qonunchilikdagi imtiyoz asosida jarimalardan ozod bo‘ldi.
O‘zbekistonda 53 478 ta tadbirkorlik sub’ekti jami 171,6 mlrd so‘mlik ma’muriy jarimadan ozod etildi. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi ma’lum qildi.
Ma’lumotga ko‘ra, ayrim soliq to‘lovchilar turli sabablarga ko‘ra hisobotni belgilangan muddatda topshira olmaydi. Bu holat Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ko‘ra huquqbuzarlik hisoblanadi va odatda katta miqdordagi jarimalar qo‘llanilishiga olib keladi.
Biroq, agar tadbirkorlik sub’ekti bunday qoidabuzarlikni birinchi marta sodir etsa va kamchiliklarni 30 kun ichida to‘liq bartaraf etsa, unga nisbatan jarima emas, balki faqat ogohlantirish beriladi.
Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil 22 sentyabr holatiga 53 478 ta sub’ekt aynan shu imkoniyatdan foydalanib, jarimadan ozod qilindi. Natijada ularning ixtiyorida 171,6 mlrd so‘m qoldi.
Hozirda yana 6 738 ta korxonada ham xato hisobotni ixtiyoriy tarzda to‘g‘rilab, 30 kun ichida bartaraf etish orqali jarimadan ozod bo‘lish imkoniyati mavjud.
Ma’lumot uchun, o‘z vaqtida taqdim etilmagan har bir soliq hisoboti uchun BHMning 10 baravari — 4 mln 120 ming so‘m miqdorida jarima qo‘llanishi belgilangan.