Isroil hujumlari va Falastin ma’muriyatidagi moliyaviy qiyinchiliklarga qaramay, ishg‘ol qilingan G‘arbiy Sohilda yangi o‘quv yili boshlandi.
Falastin ta’lim vaziri Emjed Berhem rasmiylar bilan birgalikda Ramalloh, El-Bire va Yerihodagi maktablarda o‘quv yilini ochib berdi. U o‘z nutqida ta’lim Falastin uchun ustuvor yo‘nalish ekanini ta’kidlab, to‘siqlarga qaramay fidoyilik ko‘rsatayotgan o‘qituvchilarga minnatdorlik bildirdi.
Berhemning so‘zlariga ko‘ra, G‘azodagi doimiy genosid va moliyaviy inqiroz sharoitida G‘arbiy Sohilda virtual maktablar tashkil etilib, ular orqali g‘azolik o‘quvchilar uchun onlayn darslar o‘tkazilmoqda.
Biroq Isroil armiyasi hujumlari sabab ayrim hududlarda darslar boshlanmadi. Jumladan, Kabasiya shahridagi to‘qnashuvlardan so‘ng 48 ta maktab ishlamay qoldi, Janin va Tulkarimda ham bir nechta maktab yopilgan. Sharqiy Quddusda esa UNRWA agentligiga tegishli olti maktab faoliyatini to‘xtatdi.
Falastinlik rasmiy Muayyad Shaabonning ma’lumoticha, G‘arbiy Sohilda 40 ta ta’lim muassasasi mahalliy aholini ko‘chirish siyosati sabab yo‘qolib ketish xavfi ostida.
Falastin Ta’lim vazirligiga ko‘ra, hozirda G‘arbiy Sohilda 2497 ta maktabda 830 mingga yaqin o‘quvchi tahsil olmoqda. Lekin hujumlar tufayli ko‘chirilgan oilalar yashaydigan hududlardagi 28 maktab faoliyatini to‘xtatgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yil 7-oktyabrdan beri G‘arbiy Sohilda 108 nafar, G‘azo sektorida esa 17 237 nafar talabaning hayotiga zomin bo‘lingan.