Venesuela prezidenti Nikolas Maduro AQSh tomonidan unga nisbatan qo‘yilgan giyohvand moddalar savdosida aloqadorlik ayblovlarini rad etdi. Bu haqda Telesur nashri xabar berdi.
Maduroning ta’kidlashicha, Venesuela ko‘p yillardan beri narkotik moddalarga qarshi qat’iy kurash olib bormoqda va bu jarayon BMT hisobotlarida ham o‘z aksini topgan.
“Imperiya yolg‘onga murojaat qiladi va Gollivud uslubida hikoyalar to‘qib chiqaradi. Axloqiy tamoyilga ega odam hech qachon yolg‘on rivoyatlar bilan bulg‘alanmaydi”, — dedi u Vashingtonning ayblovlariga javob berib.
Prezident, shuningdek, AQSh tarixda ham turli bahonalar bilan boshqa davlatlarga bosqin uyushtirganini, jumladan, Iroqqa “ommaviy qirgʻin qurol” bahonasi bilan kirib borganini va bu millionlab odamlar hayotiga zomin bo‘lganini eslatdi.
Maduro vatandoshlarini dezinformasiyadan ogohlantirib, Venesuela xalqi “birlashib, tinchlik va hamjihatlikda yashashi kerak”ligini ta’kidladi.
AQSh prezidenti Donald Tramp armiyani kengaytirish va Lotin Amerikasi narkotik kartellariga qarshi kurashish zarurligini aytgan edi. Avgust oyi oxirida AQSh Venesuela qirg‘oqlariga USS Gravely, USS Jason Dunham va USS Sampson harbiy kemalarini jo‘natdi.
Bunga javoban, Maduro 4,5 millionlik milisiyani safbar etganini va mamlakat “har qanday hujumni qaytarishga tayyor” ekanini bildirdi.
Ayni paytda, AQSh mudofaa vaziri Pit Xegset Vashington Venesuelada “rejimni o‘zgartirish operasiyasiga tayyor” ekanini ta’kidladi.