Buxoroda O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan viloyat ichki ishlar organlarining 37 nafar xodimiga yangi, zamonaviy besh qavatli uylar topshirildi.
Bu muhim tadbirda ichki ishlar idoralari xodimlari va ularning oila a’zolari, shuningdek, jamoatchilik vakillari ham ishtirok etdi. Bu haqda “Xabar.uz” ga viloyat IIB axborot xizmati rahbari v.b. Ulug‘bek Shukurlayev ma’lum qildi.
Bunda Buxoro viloyati IIB boshlig‘i Ikromjon Tursunov tadbirda ichki ishlar organlari faoliyatini isloh qilish va tizimni takomillashtirish borasida olib borilayotgan ishlar haqida so‘zladi. U moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va xodimlarning ijtimoiy muhofazasini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Bildirilishicha, 2018 yilda viloyatda 371 nafar profilaktika inspektori shaxsiy uylari va imtiyozli kreditlar orqali yengil avtomashina bilan ta’minlangan. 2019 yilda esa 30 nafar ichki ishlar organlari xodimi ko‘p qavatli uylarga kirishgan.
Bunday tashabbuslar har yili davom ettirilmoqda va bu xizmat xodimlarining ijtimoiy sharoitlarini yaxshilashga katta hissa qo‘shmoqda.
Viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimi Zarina Jo‘rayeva ushbu tadbir doirasida uch xonali uy kalitini qabul qilganidan mamnunligini bildirib, oilasi bilan ijarada yashab kelganini va bunday sharoitda hayot kechirish oson bo‘lmaganini ta’kidladi. Yangi uylar umumiy o‘rta ta’lim maktabi va maktabgacha ta’lim muassasasi mavjud hududda joylashgani esa ularning hayotiga yanada qulaylik kiritdi.
Ushbu tadbir, albatta, ichki ishlar organlari xodimlarining ishiga bo‘lgan davlatning e’tibori va ularga yaratilgan shart-sharoitlarning yaxshilangani ko‘rsatgichidir. Bu, nafaqat, xodimlar, balki ularning oila a’zolarining ham hayotida muhim o‘rin tutadi.