2025 yil 23 avgust kuni Angliya, Shotlandiya va Uelsning bir necha shaharlarida hukumatning migrasiya siyosatiga qarshi yangi namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Norozilar qo‘lidagi plakatlarda: «Bolalarimizni himoya qilang», «Mehmonxonalarni ozod qiling», «Ularni haydab yuboring», «Kirishni to‘xtating, deportasiyani boshlang» kabi shiorlar yozilgan edi.
Namoyishlarning yangi sababi — Esseksdagi Epping shaharchasida joylashgan Bell Hotel mehmonxonasiga oid sud qaroridir. Sud bu mehmonxonada yashab turgan qochqinlarni boshqa joyga ko‘chirishni buyurdi, biroq Ichki ishlar vaziri Ivett Kuper bu qarorni apellyasiya qilishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat mehmonxonalardan foydalanishni to‘xtatish niyatida, lekin bu jarayon bosqichma-bosqich amalga oshirilishi kerak.
Ayni paytda Britaniya bo‘ylab taxminan 32 ming qochqin 200 ta mehmonxonada yashamoqda. Bu holat bosh vazir Rishi Sunak boshchiligidagi konservativ hukumatning qaroriga muvofiq amalga oshirilgan. Hukumat mehmonxonalar bilan shartnomalar tuzgan, chunki boshqa joylashtirish variantlari qimmatga tushadi.
Bell Hotel yanada ko‘proq e’tibor markazida bo‘ldi, chunki bir necha hafta oldin u yerda yashovchi Efiopiyalik qochqin 14 yoshli qizaloqqa jinsiy tarzda yaqinlashishga uringani aytildi. Gumondor bu ayblovni rad etgan va hozirda tergov davom etmoqda, biroq aholi orasida g‘azab kuchaydi.
Qochqinlar, asosan, Fransiyadan La-Mansh bo‘g‘ozi orqali kichik qayiqlarda keladi. Namoyishchilarning talablaridan biri — ushbu marshrutni yopish. Yangi bosh vazir Kir Starmer bu muammoni hal qilish uchun Fransiya bilan muzokaralar olib bormoqda. U saylovchilarga noqonuniy migrasiyani kamaytirishga va’da bergan, biroq haligacha bunga erisha olmadi.