Litva Rossiya va Belarus bilan chegaralarini potensial tahdidlardan himoya qilish uchun 50 km uzunlikdagi ko‘p qavatli mudofaa chizig‘ini qurishni e’lon qildi.
Litva Mudofaa vazirligi taqdim etgan rejaga ko‘ra, mustahkamlanish tizimi tankka qarshi to‘siqlar, mina maydonlari va istehkom inshootlarini o‘z ichiga oladi.
Mudofaa chizig‘i uch hududdan iborat bo‘ladi. Birinchisi, besh kilometr chuqurlikda, bevosita chegara bo‘ylab joylashadi. U yerda transheyalar qazish va tankka qarshi to‘siqlar, jumladan, "ajdar tishlari" deb ataluvchi to‘siqlar hamda mina maydonlari o‘rnatish ko‘zda tutilgan.
O‘n besh kilometrgacha cho‘zilgan ikkinchi hudud qo‘shimcha muhandislik to‘siqlari va zarurat tug‘ilganda portlatish uchun tayyorlangan ko‘priklarni o‘z ichiga oladi.
Uchinchi hududda o‘rmon massivlaridan foydalanish rejalashtirilgan - dushman harakatini sekinlashtirish uchun daraxtlar yo‘llarga qulatiladi.
«Bu NATO/EI integrasiya tamoyillariga muvofiq chegaralarning chuqurroq, nazorat qilinadigan va ishonchli xavfsizligini ta’minlaydi», deyiladi Litva Mudofaa vazirligi xabarida.