Vagon muzlatkichlarida yashirilgan kontrabanda tovarlar bojxona xodimlari tomonidan fosh etildi.
Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Shaxsiy xavfsizlik bo‘limi xodimlari tomonidan olingan operativ ma’lumot asosida, “Keles” temir yo‘l chegara bojxona posti xodimlari tomonidan yirik miqdordagi kontrabanda tovarlarni yashirishga urinish holatiga chek qo‘yildi.
“Moskva–Toshkent” yo‘nalishida harakatlangan yo‘lovchi poyezdining vagon-restorani bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi. Tekshiruv postning katta inspektori hamda maxsus tayyorgarlikka ega inspektor-kinolog ishtirokida amalga oshirildi. Xizmat iti yordamida o‘tkazilgan puxta ko‘rik chog‘ida, restoran oshxonasidagi muzlatkichning pastki qismida hamda restoran zalidagi yana bir muzlatkichning orqa devorida yashirilgan tovarlar aniqlandi.
Bojxona nazoratidan yashirishga urinilgan mahsulotlar quyidagilardan iborat bo‘ldi:
390 dona “Equardo” nomli elektron sigaretalar;
480 dona “Velo Freezing Peppermint” (14 gr.) nomli tamaki mahsuloti (silvers);
900 dona “Velo Freeze” (2 gr.) nomli tamaki mahsuloti (silvers);
29 dona “JigulevskoYE” (0,45 l) hajmdagi pivo.
Olib borilgan dastlabki surishtiruv natijalariga ko‘ra, mazkur noqonuniy tovarlar poyezd vagon-restorani menedjeriga tegishli bo‘lib, aynan u ushbu kontrabanda mahsulotlarini bojxona organlaridan yashirishga uringan qonunbuzar sifatida aniqlangan. Tovarlarning umumiy taxminiy bojxona qiymati 600 million so‘mni tashkil etadi.
Bojxona xodimlari tezkor va professional harakatlari orqali qonunbuzarlikning oldini olishga erishdi. Hozirda mazkur holat yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Toshkent shahar bojxona boshqarmasi ta’kidlaydiki, xizmat mavqeidan foydalanib noqonuniy yo‘l bilan tovar olib o‘tishga uringan shaxslar qat’iy javobgarlikka tortiladi.