Bugun 9 avgust, 2025 yil, shanba

КИР

Navoiyda investorlar 8 ta konga 566 million dollar sarmoya kiritishga tayyorligini bildirdi

Navoiyda investorlar 8 ta konga 566 million dollar sarmoya kiritishga tayyorligini bildirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 7 avgust kuni Navoiy viloyatida islohotlar natijadorligi va yangi rejalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Qayd qilinishicha, bu yil 6 oyda invesisiya hajmi 643 million dollarga yetdi, eksport 635 million dollardan oshdi. 550 million dollarlik yangi quvvatlar, 1 ming 140 ta savdo va servis majmualari ishga tushirildi.

Davlat rahbari Navoiy viloyatida yirik sanoat tarmoqlaridan tashqari yaylovlarni o‘zlashtirish, chorvachilikni rivojlantirish, xizmat turlarini ko‘paytirish bo‘yicha imkoniyatlar ko‘p ekanini ta’kidladi. Xususan, mamlakatdagi qazilma boyliklarining 20 foizi, yaylovlarning 43 foizi shu hududda joylashgan.

Yig‘ilishda tadbirkorlarning takliflari asosida ishlab chiqilgan yangi loyihalar taqdimot qilindi.

Jumladan, G‘ozg‘on shahri, Nurota, Xatirchi, Navbahor va Uchquduq tumanlaridagi 8 ta konga investorlar 566 million dollar sarmoya kiritishga tayyorligini bildirgan. Buning natijasida sanoat hajmi 2,5 trillion so‘mga, eksport 100 million dollarga ko‘payadi.

Masalan, Nurota tumanida 750 million kub metr granit tosh zaxirasi bor. Uni qayta ishlash uchun 50 gektar maydonda sanoat zonasi tashkil etish taklif qilindi.

Shu tumandagi 10 ta mahallada 5 mingdan ziyod xotin-qiz kashtachilik bilan shug‘ullanib, daromad topmoqda. Endi buni kengaytirib, 28 ta mahallada Kashtachilik markazlari ochish rejalashtirilgan.

Ehtiyojmand oilalarni quyosh panellari va ko‘chma do‘konlar bilan ta’minlab, kambag‘allikdan chiqarish ko‘zda tutilgan.

Viloyatdagi 3 million gektar yaylov qishloq xo‘jaligi uchun katta imkoniyat. Masalan, qiziltepalik tadbirkor ming gektar yaylovda yomg‘irlatib va tomchilab sug‘orish texnologiyasini qo‘llab, eksportbop ekinlar yetishtirmoqda. Endi chorvachilikni yo‘lga qo‘yib, sutni qayta ishlash tashabbusini bildirgan.

Navoiyda investorlar 8 ta konga 566 million dollar sarmoya kiritishga tayyorligini bildirdi

Umuman, viloyatda 1 milliard 600 million dollarlik qo‘shimcha loyihalar shakllantirilgan. Ularning natijasida yana 10 ming ish o‘rni, byudjetga 1 trillion so‘m tushum va 238 million dollarlik eksport imkoniyati paydo bo‘ladi.

Davlat rahbari loyihalarning iqtisodiy samaradorligini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Yirik va kichik korxonalar o‘rtasida kooperasiya yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi. Tadbirkorlarni korxonalarga bog‘lab, kafolatli buyurtmani yo‘lga qo‘yib, kichik biznesning viloyatdagi ulushini oshirish vazifasi qo‘yildi.

Yaylovlarga suv chiqarishga ko‘maklashib, ulardan samarali foydalanish, oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish zarurligi qayd etildi.

Navoiy viloyatida o‘rtacha ish haqi boshqa hududlardan 1,5 barobar yuqoriligi savdo va servisga talabni ham, taklifni ham rag‘batlantiradi. Shunga munosib, istirohat bog‘lari va dam olish maskanlari tashkil etish, turistlarni ko‘paytirish, xizmatlar hajmini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Kiritildi: 21:15 07.08.2025. O'qildi: 681 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!