Prezident farmoni bilan 2025 yil 1 sentyabrdan ish beruvchilar uchun belgilangan quyidagi talablar bekor qilinadi.
🔹 bo‘sh ish o‘rinlariga bandlik organlari tomonidan yuboriladigan shaxslarni ishga qabul qilmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik;
🔹 bo‘sh ish o‘rinlari mavjudligi to‘g‘risidagi hisobotlarni majburiy taqdim etish.
2025 yil 1 noyabrdan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar quyidagi shaxslar uchun ish o‘rinlarining majburiy zaxiralarini shakllantiradi:
— nogironligi bo‘lgan shaxslar;
— oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslar;
— Kambag‘al oilalar reestridagi oilalarning a’zolari;
— muqobil joylashtirish shakllarida tarbiyalangan yetim shaxslar;
— ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan shaxslar.
Bunda majburiy zaxiralash:
🔹 xodimlar umumiy sonining 3 foizidan oshmasligi zarur;
🔹 xodimlari soni 100 nafardan ortiq bo‘lgan tashkilotlarga nisbatan qo‘llanadi.
❗️ Shuningdek, 2025 yil 1 noyabrdan ishsizlik nafaqasi faqat mehnat shartnomasi bekor qilingan shaxslarga to‘lanadi. Bunda:
➖ ishsizlik nafaqasi so‘nggi 5 yilda kamida 18 oy ishlagan shaxslarga mehnat shartnomasi bekor qilingandan so‘ng ular 6 oy ichida murojaat qilganda, ularning oxirgi 18 oylik o‘rtacha ish haqi hisobidan 3 oy davomida to‘lanadi;
➖ 1-oyda o‘rtacha oylik ish haqining 75 foizi, lekin mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 3 baravaridan oshmagan miqdorda to‘lanadi;
➖ 2- va 3- oylarda esa o‘rtacha oylik ish haqining 50 foizi, lekin mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 3 baravaridan oshmagan miqdorda to‘lanadi.
Ishsizlik nafaqasini takroran belgilashda dastlabki tayinlangan nafaqani olish muddati tugagandan so‘ng qo‘shimcha ravishda kamida 12 oylik ish staji talab etiladi.