Yaponiyada 2011 yilda sunami oqibatida halokatga uchragan Fukusima atom elektr stansiyasining yuzlab tonna radioaktiv chiqindilarini tozalash jarayoni kechiktirildi. AES operatori — Tepco kompaniyasi 29 iyul kuni bu ishlar 2037 yilgacha boshlanmasligini ma’lum qildi.
AESda hozirda taxminan 880 tonna xavfli moddalar mavjud bo‘lib, ularni tozalash uchun zarur tayyorgarlik ishlari yana 12–15 yil vaqt oladi. Bu haqda Tepco kompaniyasi vakili Akira Ono ma’lum qilgan.
Avvalroq kompaniya chiqindilardan tozalash jarayonini 2030 yillarning boshida boshlashni rejalashtirayotgandi. Biroq so‘nggi hisob-kitoblarga ko‘ra, bu jarayon eng qisqa muddatda — 2037 yilda boshlanishi mumkin
Ma’lumot uchun, 2011 yilda 9 balli zilzila ortidan yuzaga kelgan kuchli sunami Fukusima AESidagi 6 ta reaktordan 3 tasini ishdan chiqargan va ularning erib ketishiga olib kelgandi. Shundan beri AESni zararsizlantirish bo‘yicha murakkab va uzoq muddatli ishlar olib borilmoqda.