Ukraina Qurolli kuchlarining sobiq bosh qo‘mondoni, ayni damda mamlakatning Buyuk Britaniyadagi elchisi Valeriy Zalujniy bu fikrni “Leviy bereg” nashrining Youtube kanaliga bergan intervyusida bildirdi.
"Ukraina 2024 yildan urushning yangi bosqichiga kirdi, bu Rossiya bosqinining boshidagidan sezilarli darajada farq qiladi", — dedi sobiq qo‘mondon.
Zalujniyning fikricha, Rossiya jangovar harakatlarni olib borishga yondashuvni o‘zgartirgan va endi oldinga siljishdan ko‘ra ko‘proq Ukraina armiyasini hamda tinch aholini holdan toydirishga qaratilgan taktikani qo‘llamoqda.
"Agar biz kelajak uchun o‘z mudofaamizni shakllantirmasdan faqat o‘t ochishni to‘xtatishga harakat qilsak, unda urush yana davom etadi. 2014 yilda boshlangan urush 2034 yilda yakunlanishi mumkin", — dedi u.
Zalujniyning so‘zlariga ko‘ra, 2022 yilda oldinda tanklar, ularning ortida esa katta shaxsiy tarkib harakatlangan. Ikkinchi jahon urushi namunasidagi bunday urush 2023 yil dekabr oyida tugagan va endi tanklar va askarlar o‘rin almashgan.
"Urush tugashini yaqinlashtirish uchun Ukraina mudofaa strategiyasi va resurslarni safarbar qilish yondashuvlarini qayta ko‘rib chiqishi kerak", — deya qo‘shimcha qildi u.