Virgin Australia samolyoti bortida yong‘in sodir bo‘ldi. Salon tezda tutunga to‘ldi, biroq ekipaj yong‘inni muvaffaqiyatli o‘chirdi va xavfsiz qo‘nishga muvaffaq bo‘ldi. Yong‘inga bir ayol kishining sumkasidagi pover-bank sabab bo‘lgan.
Hodisa Sidneydan Xobartga uchayotgan VA1528 reysida yuz berdi. Ekipaj yong‘inni o‘t o‘chirgichlar bilan tezda o‘chirishdi, yo‘lovchilar ham ichimlik suvini sepib, ko‘maklashishdi. Yonishdan zaharlangan bir kishiga tez tibbiy yordam ko‘rsatildi.
Ko‘pgina zamonaviy portativ uskunalar, jumladan, pover-banklar lityum batareyalar bilan ishlaydi, agar ular nuqsonli yoki haddan tashqari qizib ketgan bo‘lsa, o‘chirish qiyin bo‘lgan kimyoviy yong‘inga olib kelishi mumkin. Yopiq samolyot salonida bu ayniqsa xavflidir.
Shuning uchun ularni faqat qo‘l yukida olib yurishga ruxsat beriladi, ammo bu ham xavfli ekan. 2018-yildan buyon bunday hodisalar soni uch barobardan ko‘proqqa oshdi. 2006-yildan buyon samolyotlar bortidagi texnika bilan bog‘liq 636 ta yong‘in qayd etilgan. Bular asosan elektron sigaretalar, telefonlar va noutbuklardan kelib chiqqan.