Ma’lumki, 1 maydan boshlab jismoniy shaxslarning xorijdan bojsiz tovar olib kirish limitlari samolyotda kelayotganlar uchun 2000 dollardan 1000 dollarga, poyezdda kelayotganlar uchun esa 1000 dollardan 500 dollarga pasaytirildi.
Endilikda BAA yoki boshqa xorijiy davlatdan 1200 dollarga xarid qilingan iPhone 16 Pro Max uchun aeroportdagi bojxona postida 60 dollar boj to‘lashga to‘g‘ri keladi. Bunga qo‘shimcha 75 ming so‘mlik UzIMEI to‘lovi ham bor.
Agar yangi mobil qurilmani olib kirishda bojxona deklarasiyasi to‘ldirilmasa, bu miqdor karrasiga oshib ketadi va 360 dollarni tashkil etadi. Chunki keyinchalik qurilmani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun uzimei.uz saytida uning IMEI'sini kiritsangiz, tizim telefonni bojxona bazasidan qidiradi. Agar ma’lumot bo‘lmasa, mobil qurilma uchun bojxona qiymatining 30 foizi miqdorida boj to‘lash kerak. Chunki bu telefonlar O‘zbekistonda ishlab chiqarilmagan, shu sabab chet eldan olib kirilgan hisoblanadi.
O‘zi bilan SIM-kartali yangi qurilma olib kirayotgan jismoniy shaxs agar deklarasiya to‘ldirmasa, IMEI-kodni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun 30 foizlik boj to‘lash talabi 2024 yil oktyabridan kuchga kirgandi.
Birinchidan, agar fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlaridan noqonuniy foydalanish holatlariga yo‘l qo‘yilmasa, tadbirkorlar yangi qurilmalarni olib kirishda to‘liq boj va soliqlarni to‘lab, rasman IMEI'dan o‘tkazishga majbur bo‘ladi. Bu esa yangi telefonlar narxiga jiddiy ta’sir qiladi.
Misol uchun, 1200 dollarlik iPhone Pro Max'ga 10 foizlik boj, 12 foizlik QQS va 75 ming so‘m IMEI to‘lovi qo‘shiladi. Qurilma taqriban 1470 dollarga aylanadi. Bunda hali tadbirkor o‘ziga qo‘shadigan foyda hisobga olinmagan.
Ikkinchidan, yangi telefon sotib olgan iste’molchilar agar qurilma IMEI ro‘yxatidan o‘tmagan bo‘lsa va sotuvchilar va’da qilganidek xarid amalga oshirilganidan keyin 1 hafta yoki 1 oy ichida bu jarayon amalga oshmasa, u holda IMEI'dan ro‘yxatdan o‘tkazish uchun 30 foizlik bojxona to‘lovini xaridorning o‘zi to‘lashi mumkin. Bu – yangi iPhone Pro Max misolida 360 dollarni tashkil etadi. Qo‘shimchasiga 75 ming so‘m IMEI to‘lovi ham bor.