Bu haqda Mail Online nashri xabar bermoqda.
Indoneziya sohillari yaqinida bortida 280 kishi bo‘lgan Barcelona V (KM) paromida kuchli yong‘in chiqdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, kamida uch kishi halok bo‘lgan. CNN Indonesia xabarida qurbonlardan biri homilador ayol bo‘lgani aytilgan.
Bu vaqtda parom Talaud orolidan Shimoliy Sulavesi provinsiyasidagi Manado shahriga suzayotgandi.
Pastki palubalardan quyuq qora tutun chiqa boshlagandan keyin kemada vahima boshlangan va ko‘pchilik o‘zini dengizga otgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda odamlar baqirgancha yordam so‘rayotgani aks etgan. Shuningdek, kema palubasi to‘lib-toshgani, undagi xodimlar yo‘lovchilarga paromdan sakrashdan oldin qutqaruv nimchalarini taqishda yordam berayotganini ko‘rish mumkin.
Indoneziya harbiy-dengiz kuchlari yong‘in qurbonlari va jabrlanganlarni evakuasiya qilish uchun uchta kema yubordi. Evakuasiyaga yordam berish uchun mahalliy baliqchilar ham jalb etilgan. So‘nggi xabarlarga ko‘ra, 150 ga yaqin odam qutqarilgan, 130 kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda.
Hodisa Talis va Biaro orollari o‘rtasidagi suvlarda sodir bo‘lgan. Taxminlarga ko‘ra, yong‘in uchinchi palubadan boshlangan va tezda kemaning barcha qismlariga tarqalgan.