Vazirlar Mahkamasining “Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarga nafaqa tayinlash va to‘lash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, nafaqa tayinlash uchun murojaat qilish, murojaatlarni ko‘rib chiqish va nafaqa tayinlash “E-probatsiya” axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.
Nafaqa tuman (shahar) probasiya bo‘linmalari tomonidan tayinlanadi hamda mahalliy byudjetdan ajratiladigan mablag‘lar hisobidan to‘lanadi.
Tayinlangan nafaqa “E-probatsiya” axborot tizimi orqali taqdim etilgan ma’lumotlar asosida to‘lanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan har oyning 2-sanasiga qadar o‘tgan oyda to‘langan nafaqalarning umumiy summasidan kam bo‘lmagan miqdordagi mablag‘lar to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzilgan tijorat banki yoki boshqa ixtisoslashgan tashkilot hisobvarag‘iga o‘tkazib beriladi.
Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarning murojaatiga asosan “Yagona reestr” AT orqali elektron yuborilgan to‘lov qaydnomalariga muvofiq nafaqa tijorat banki tomonidan naqd pul shaklida to‘lanadi yoki ularda mavjud bank kartalariga o‘tkazib beriladi.
2025 yil 1 sentyabrga qadar “E-probatsiya” axborot tizimi “Yagona reestr” ATga integrasiya qilinadi hamda “E-probatsiya” axborot tizimi orqali nafaqa tayinlash bo‘yicha murojaatlarni qabul qilish, ko‘rib chiqish va tayinlashning barcha texnik imkoniyatlari yaratiladi.
Mazkur Nizom jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarga bir martalik nafaqa tayinlash va to‘lash tartibini belgilaydi.
Nafaqa O‘zbekiston Respublikasidagi jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashaydigan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga tayinlanadi.