Joriy yilning 19–21 iyun kunlari tashkil etilgan “Eco Expo Central Asia 2025” xalqaro ko‘rgazmasi doirasida Davlat ekologik ekspertizasi markazi o‘z pavilyoni bilan ishtirok etdi. Bundan asosiy maqsad — Davlat ekologik ekspertizasi markazining xalqaro imijini mustahkamlash, ekologik baholash jarayonlarida ilg‘or yondashuvlarni namoyish etish va xalqaro hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat.
Pavilyon shartli ravishda ikki kontrast zonaga bo‘lingan: birinchi qismi — “Ekologik ekspertizadan oldin”. Bu zonada ekologik muammolar, nazoratisiz sanoat faoliyati oqibatida yuzaga kelgan ifloslanish holatlari tasvirlangan. Ikkinchi qismi esa “Ekologik ekspertiza asosidagi rivojlanish” bo‘lib, barqaror, texnologik va ekologik jihatdan xavfsiz sanoat modeli namoyish etilgan. Bu kelajak sari yo‘nalgan ekologik rivojlanishni aks ettiradi.
Ushbu ikki hududni ajratib turuvchi markaziy element — tabiatni ifoda etuvchi ramziy daraxt bo‘lib, u yarim qurib qolgan, yarim yashil holda transformasiya g‘oyasini ifoda etadi.
Pavilyonda Davlat ekologik ekspertizasi xulosalari asosida sanoat korxonalari uchun belgilangan asosiy ekologik talablar — chan-gaz tozalash uskunalari, lokal oqova suv tozalash tizimlari, atmosfera havosini ifloslantiruvchi doimiy manbalarda o‘rnatiladigan avtomatik stansiyalar hamda “yashil belbog‘”larning texnologik maketlari namoyish etildi.
Ko‘rgazma doirasida pavilyonga qator xalqaro va milliy tashkilot vakillari tashrif buyurdi. Jumladan:
• Yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi fauna va flora turlari bilan xalqaro savdo to‘g‘risidagi konvensiya (CITES) Bosh kotibi Ivonn Igero
• Biosalin xalqaro qishloq xo‘jaligi markazi (ICBA) Bosh direktori Tarifa al-Zaabi
• BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Sabina Mahl
• Qozog‘iston Respublikasi Ekologiya vaziri Yerlan Nuraliyevich Nisanboyev
• Turkmaniston Tabiatni muhofaza qilish vaziri o‘rinbosari Nuri Jumashov
• Italiya Atrof-muhit va energetik xavfsizlik vazirligining katta eksperti, BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasining Ekologik siyosat bo‘yicha qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Alessandra Fidanza va boshqalar.
Ko‘rgazma davomida 20 ga yaqin xalqaro va mahalliy tashkilotlar bilan atrof-muhitga ta’sirini baholash hamda ekologik ekspertiza bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalasida muzokaralar olib borildi.
Shu jumladan, 5 ta tashkilot vakillari bilan seminar-treninglar tashkil etish va uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Shu bilan bir qatorda, 80 ga yaqin xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga atrof-muhitga ta’sirini baholash va ekologik ekspertiza talablari bo‘yicha batafsil tushuntirishlar berildi.
Bundan tashqari, ko‘rgazma doirasida 21-iyun kuni atrof-muhitga ta’sirni baholash, ekologik ekspertiza va strategik ekologik baholash mexanizmlarini amaliyotga keng joriy etish bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Taqdimotda 50 ga yaqin tinglovchi ishtirok etdi.
Davlat ekologik ekspertizasi markazi tomonidan tashkil etilgan stendda ekologik ekspertiza sohasidagi yutuqlar, interaktiv taqdimotlar, mahorat darslari, zamonaviy texnologiyalar hamda milliy-madaniy unsurlar uyg‘un tarzda namoyish etildi.
Markaz tomonidan tashkil etilgan pavilyon 2000 dan ortiq tashrif buyuruvchini o‘ziga jalb etdi.
Ko‘rgazma tashkilotchilari tomonidan markazning faol ishtiroki yuksak baholanib, Davlat ekologik ekspertizasi markazi 1-o‘ringa loyiq deb topildi.