Toshkent xalqaro aeroportida o‘tkazilgan tezkor qidiruv tadbirida fuqaro Siddiqova ijtimoiy tarmoqlar orqali tanishgan ayolning ishonchiga kirib, unga xorijda katta daromadli ish va’da qilgan holda Turkiyaga olib ketayotganida poytaxt IIBB xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.
Uning buyumlari xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, Siddiqovaning yonidan xorijga chiqish pasportlari, Toshkent—Istanbul yo‘nalishidagi reysga aviachiptalar hamda mobil telefonlar topilgan.
«Turkiyada 5 yildan beri yashab kelaman. 20 kun oldin O‘zbekistonga keldim… Telefon nomerini tashladi, WhatsAppʼdan yozdim… Qiz ham rozi bo‘ldi. Aeroportda chiqib ketmoqchi bo‘lganimizda ichki ishlar xodimlari ushlab, bizni Chilonzordagi IIBga olib keldi. Men uni Turkiyaga olib borib, shaharni, tilni bilmagani uchun hamma narsani tushuntirib qo‘yishim kerak bo‘lgan», — deydi u.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 135-moddasi (odam savdosi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.