CNN telekanali xabariga ko‘ra, AQSh milliy razvedka boshlig‘i Tulsi Gabbard Iron masalasida Oq uyning umumiy siyosatidan og‘ishga yo‘l qo‘ygani uchun prezident Donald Trampning ishonchini yo‘qotgan.
Ma’lumotlarga qaraganda, Gabbardning “Iron yadroviy qurol yaratishga yaqin emas” degan bayonoti prezidentni qattiq g‘azablantirgan. Tramp Air Force One bortida jurnalistlar bilan suhbatda bu gaplarga nisbatan keskin munosabat bildirib, “Gabbard nima degani menga qiziq emas”, — deb aytgan.
Iyun oyi boshida Gabbard “dunyo yadroviy apokalipsisga yaqinlashdi” deb bayonot bergan, bu esa prezidentda yanada ko‘proq norozilik uyg‘otgan;
Bir oy avval Tramp Gabbardni “sevadi va uning suhbati bilan zavq oladi” deb ta’riflagan bo‘lsa, hozirda uni “Yaqin Sharq muammolarida mutlaqo noqobil” deb baholamoqda.
Hozircha uni lavozimdan ozod qilish rejalashtirilmagan, ammo siyosiy tahlilchilar fikricha, ma’muriyat ichidagi bu ziddiyatlar tashqi siyosatga ham ta’sir qilishi mumkin.