Toshkentning aholi zich tumanlaridan biri bo‘lgan Chilonzorda 160 MW quvvatli podstansiya va 20 ming m³ suv rezervuari qurilishi orqali elektr va suv ta’minotidagi muammolar bartaraf etilishi rejalashtirilmoqda.
Prezident ko‘rsatilgan taqdimotda ma’lum qilinishicha, Chilonzor tumanida 160 megavattli yangi podstansiya barpo etilishi rejalashtirilmoqda. Bu orqali mavjud elektr tarmoqlaridagi yuklama kamayib, hududda amalga oshiriladigan yangi loyihalar uchun qo‘shimcha quvvat yaratiladi.
Hujjatda ta’kidlanishicha, Chilonzorda 20 ming metr kub sig‘imga ega yangi suv rezervuari quriladi. Bu orqali nafaqat Chilonzor, balki Shayxontohur va Uchtepa tumanlarining ham ichimlik suvi ta’minoti barqaror bo‘ladi. Har kuni taxminan 8000 kWh elektr energiyasi tejalishi kutilmoqda.
Oxirgi yillarda Chilonzorda yangi uy-joylar, kichik sanoat zonasi va infratuzilma ob’ektlari soni keskin oshmoqda. Mahallalardagi yuklama ortishi tufayli, ayniqsa qish va yoz mavsumlarida, aholi suv bosimi pastligi va to‘satdan svet o‘chishi kabi muammolardan shikoyat qilmoqda.
Yangi infratuzilma ob’ektlari hududdagi aholi turmush sifatini oshirish, resurs ta’minotini uzluksiz va samarali tashkil etishga xizmat qiladi.