Astana shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Xitoy” sammitida Xitoy rahbari Si Szinpin ma’lum qilishicha, 2025 yilda Xitoy tomonidan Markaziy Osiyo mamlakatlariga 1,5 milliard yuan (taxminan 209 million dollar) miqdorida beg‘araz yordam ajratiladi. Bu mablag‘lar aholi farovonligini oshirish va mintaqa mamlakatlarida rivojlanishga ko‘maklashuvchi loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.
«Biz qonunchilik organlari, siyosiy partiyalar, xotin-qizlar, yoshlar, OAV, tahlil markazlari va boshqalar o‘rtasida hamkorlikni faollashtirishga tayyormiz. Davlat boshqaruvi sohasida, xususan, yashil rivojlanish, kambag‘allikni qisqartirish va korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha tajriba almashuvini chuqurlashtirish niyatimizni bildiramiz», — dedi Si Szinpin.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy hukumatlararo va mintaqalararo, rasmiy va norasmiy aloqalarni, shuningdek, chegaraoldi hududlar o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishni qo‘llab-quvvatlaydi.
Shuningdek, Xitoy Markaziy Osiyo bilan hamkorlik doirasida quyidagi markazlarni tashkil etishga qaror qildi:
kambag‘allikka qarshi kurash markazi,
ta’lim sohasida hamkorlik va tajriba almashish markazi,
cho‘llanishga qarshi kurash markazi,
savdo uchun qulay sharoit yaratish maydonchasi.