Moliyaviy majburiyatlarga mas’uliyatsiz yondashish qanday ayanchli oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ko‘rsatuvchi jiddiy holat Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida yuz berdi. Bunda qarzdor oila sud qarori bilan o‘z uyidan majburiy tartibda chiqarib yuborildi.
Voqea shunday bo‘lgan: Fuqarolar S.S. va D.M.lar A.N.dan 25 ming AQSh dollari miqdorida qarz olib, uylarini garovga qo‘yishgan. Biroq, kelishilgan muddatda qarz qaytarilmagach, bu summa aql bovar qilmas darajada – 75 ming AQSh dollarigacha o‘sib ketgan.
Natijada, da’vogar A.N.sudga murojaat qilishga majbur bo‘lgan va sudning ijro varaqasiga asosan, garovdagi uy uning nomiga xatlab berilgan.
Qarzdorlar ixtiyoriy ravishda uyni bo‘shatishdan bosh tortganlari sababli, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qo‘qon tumanlararo sudining ijro varaqasi Majburiy ijro byurosining Qo‘qon shahar bo‘limi ish yurituviga kelib tushdi.
Byuro xodimlari, qonunda belgilangan barcha ogohlantirish va muddatlarni bergan bo‘lsalar ham, javobgarlar uyni bo‘shatishmadi. Oqibatda, hamkor tashkilotlar bilan birgalikda, S.S.lar oilasi majburiy tartibda ko‘chirildi va uyning kaliti qonuniy egasi A.N.ga topshirildi.
Bu holat har bir fuqaro uchun jiddiy ogohlik sabog‘i bo‘lishi kerak. Qarz olishda va majburiyatlarni bajarishda ehtiyotkorlik, shartnomalarni chuqur anglash va moliyaviy mas’uliyat – kelajakdagi muammolarning oldini olishning yagona yo‘lidir. Qonun barcha uchun birdek va uning talablariga rioya qilmaslik ayanchli oqibatlarga olib kelishi mumkin.