Tramp Baydenning sog‘lig‘i va u imzolagan hujjatlarning qonuniyligi bo‘yicha tekshiruv o‘tkazishni buyurdi – Bloomberg.
Qo‘shma Shtatlarning amaldagi prezidenti Donald Tramp Jo Bayden ma’muriyati xodimlarining uning salomatligi haqidagi ma’lumotlarni jamoatchilikdan yashirish maqsadida til biriktirgan yoki yo‘qligini hamda prezidentning ruxsatisiz avtomatik imzodan foydalanib, biror ijro choralari ko‘rilgani ehtimolini tekshirishni topshirdi, deb yozadi nashr.
"Qarorlar qabul qilish jarayoni va hatto bu qarorlar uning nomidan amalga oshirilayotgani haqida Baydenning xabardorlik darajasi bo‘yicha jiddiy shubhalar mavjud", — deya fikr bildirgan Tramp.
Jo Bayden esa prezidentlik davrida barcha qarorlarni shaxsan o‘zi qabul qilganini ta’kidladi va Tramp bu orqali ommaning e’tiborini o‘zining “halokatli soliq qonunchiligi”dan chalg‘itishga urinayotganligini bildirdi.
Avvalroq Jo Bayden haqidagi kitob muallifi Qo‘shma Shtatlarning sobiq prezidenti sog‘lig‘i tufayli amalda mamlakatni boshqarmaganini, buni uning o‘rniga maslahatchilari, turmush o‘rtog‘i va o‘g‘li Hanter amalga oshirgani hamda ular haqiqiy vaziyatni yashirganini ma’lum qilgandi.