Ma’lumki, 2025 yil 15 may kuni O‘zbekiston Prezidentining «2030 yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingan edi.
Qarorda 2030 yilda 3,3 mln nafar maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilarida ekologik madaniyatni shakllantirish maqsad qilingan. Shuningdek, 4,2 mln nafar umumiy o‘rta ta’lim tizimi tashkilotlari o‘quvchilarida ekologik ta’lim-tarbiyani mustahkamlash, ekologik madaniyatni yuksaltirish ko‘zda tutilgan. Ushbu qaror ijrosini ta’minlash maqsadida joylarda turli tadbirlar va soha mutaxassislari bilan uchrashuvlar tashkil qilinmoqda.
Ana shunday uchrashuvlardan biri bugun Toshkent Davlat agrar universitetida bo‘lib o‘tdi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi a’zosi Mohira Xadjayeva, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Toshkent viloyat partiya tashkiloti raisi va Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi deputati Furqatjon Ahmedjanov, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Toshkent viloyati, Qibray tumani partiya tashkiloti Kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi, Xalq deputatlari Qibray tuman kengashi deputati Avlaqul Xudoyqulovlar ishtirok etishdi. Qaror ijrosini ta’minlash hamda 31 may - Xalqaro chekishga qarshi kurashish kuni munosabati bilan o‘tkazilgan ushbu ochiq muloqotda talabalar faol ishtirok etishib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.
Gulruh Yormatova, jurnalist