Ko‘chirilgan falastinlik erkak G‘azoda AQSh qo‘llab-quvvatlaydigan yangi yordam tizimi doirasida yordam so‘rab kelgan odamlarning tartibsiz holatini tasvirlab berdi.
Uch yoshli o‘g‘li bor 25 yoshli ota Vassam Xadar Reuters axborot agentligiga aytishicha, u Rafah yaqinidagi AQSh homiyligida va Isroil tomonidan ma’qullangan G‘azo gumanitar jamg‘armasi tashkil etgan yangi yordam tarqatish punktiga bir necha bor tashrif buyurgan.
Rafahdan turib, u seshanbadan beri har kuni yangi tarqatish markaziga borganini, ammo faqat birinchi kuni oziq-ovqat olishga erishganini aytdi: 3 kg un, konservalangan sardina, makaron, pechenye, murabbo va tuz.
"Meni ochlik majbur qildi, bir necha hafta davomida bizda un yo‘q edi, chodirda hech vaqo yo‘q edi," dedi u.
"O‘g‘lim har kuni uyg‘onib, biror yegulik so‘raydi, men esa unga hech narsa berolmayman."
Xodar otasi va akasi bilan markazga yetib kelganida, qariyb uch oylik qamaldan so‘ng yordamga muhtoj bo‘lgan minglab odamlar allaqachon u yerda edi.
Uning aytishicha, tartibsizliklar oqibatida joydagi darvozalar va sim to‘siqlar olomon tomonidan bosib-yanchildi, plastik quvurlar va to‘siq materiallari esa olib ketildi.
"Odamlar och edi va ular markazdagi hamma narsani olib ketishdi," dedi u.
Seshanba kungi tartibsizliklarda kamida uch falastinlik halok bo‘ldi, yana ko‘plab odamlar tan jarohati oldi.
Falastinliklar panoh izlab qochayotganda o‘q ovozlari eshitildi. Isroil kuchlari olomon nazorati chorasi sifatida havoga o‘t ochganini ta’kidlamoqda, ammo yerda yotgan falastinliklarning jarohatlari olomonga qarata o‘q uzilganidan dalolat bermoqda.