Saida Mirziyoyevaning Moskvaga tashrifi doirasida Rossiya Prezidenti Administrasiyasi rahbarlari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazildi.
Suhbatlar chog‘ida axborot siyosati, madaniy-gumanitar aloqalar, yoshlar va kadrlar siyosati kabi yo‘nalishlar bo‘yicha fikr almashildi. Ta’lim, madaniyat va tarixiy merosni saqlash sohalaridagi qo‘shma loyihalar yuzasidan o‘zaro hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga tayyorlik bildirildi.
Mediamakonda mas’uliyatli yondashuv, raqamli xavfsizlikni ta’minlash, feyk xabarlarga qarshi kurashish hamda tajriba almashish masalalari alohida muhokama qilindi.
Shuningdek, Rossiya oliygohlari filiallarining O‘zbekistonda samarali faoliyat yuritib kelayotgani va rossiyalik ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar soni ortib borayotgani ijobiy tendensiya sifatida qayd etildi.
Bu uchrashuvlar ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar amaliyotda qanday samara berayotganini yaqqol ko‘rsatib berdi. Mutaxassislar buni O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi faol va barqaror ittifoqchilik sari yana bir muhim signal sifatida baholamoqda.