2025 — 1990-yillardan buyon global narkoiqtisodiyotda muhim o‘rin egallab kelayotgan Afg‘oniston 2021-yilda Tolibon hokimiyatga qaytgach, narkotiklar ishlab chiqarish bo‘yicha yangi bosqichga qadam qo‘ydi. Tolibon rahbariyati mamlakatda opium manbai bo‘lgan ko‘knor yetishtirishni qat’iyan taqiqladi va bu borada keskin choralar e’lon qilindi.
UNODC (BMT Giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi) ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilda taqiqqa qaramay, ko‘knor ekin maydonlari 28 foizga oshgan bo‘lsa, 2023-yilda bu maydonlar 95 foizga qisqargan. Jumladan, Gilmend viloyatida ekinlar 129 ming gektardan atigi 740 gektargacha tushdi. Opium ishlab chiqarish hajmi esa 6200 tonnadan 333 tonnaga kamaygan. Biroq 2024-yilda bu ko‘rsatkich yana 30 foizga oshib, 433 tonnaga yetdi.
Tahlilchilarga ko‘ra, qisqa muddatli yutuqlarga qaramay, taqiqning uzoq muddatli samarasi savol ostida qolmoqda. Afg‘onistonning ko‘plab viloyatlarida, ayniqsa Gilmend, Qandahor va Nangarhorda ko‘knor dehqonlar uchun asosiy daromad manbai bo‘lib qolmoqda. Infratuzilmaning yetishmasligi, davlat yordami va bozorga chiqish imkonlarining cheklanganligi sababli ko‘knor ko‘plab oilalar uchun yagona iqtisodiy imkoniyatga aylangan.
2024-yilda narkotik ishlab chiqarish geografiyasi ham o‘zgardi — ko‘knor ekinlari janubi-g‘arbiy viloyatlardan shimoli-sharqiy hududlarga siljidi. Badaxshon viloyatida ko‘knor ekinlari 381 foizga oshgan. Bu hududning Xitoy, Tojikiston va Pokiston bilan chegaradosh ekani narkotrafik yo‘llarining o‘zgarishiga olib kelmoqda.
Shu bilan birga, ekspertlar Afg‘onistonda sintetik narkotiklar, ayniqsa metamfetamin ishlab chiqarish keskin ortganini ta’kidlashmoqda. UNODC va boshqa xalqaro tashkilotlarning ma’lumotlariga ko‘ra, bu modda efedra o‘simligidan arzon va oddiy usulda tayyorlanmoqda. Mamlakat janubi-sharqida «K-tabletkalar» deb nomlanuvchi sintetik dori vositalari ham keng tarqalmoqda. Bu yangi holat mintaqaviy xavfsizlik va jamoat salomatligi uchun jiddiy tahdid tug‘dirmoqda.
Qo‘shni davlatlar — Eron, Pokiston va Tojikiston — so‘nggi vaqtlarda Afg‘onistondan kirib kelayotgan sintetik narkotiklar kontrabandasining oshgani haqida bong urishmoqda. Ayniqsa, Eron hududida metamfetamin musodara holatlari sezilarli darajada ko‘paygan. Bu esa mintaqaviy razvedka va chegara xavfsizligi tizimlarining yangi xavfga tayyor emasligini ko‘rsatadi.
Tolibonning opiumga qarshi siyosati xalqaro maydonda qonuniylikka erishish harakati sifatida baholanmoqda. Biroq, iqtisodiy barqaror muqobillar taqdim etilmasa, bu siyosat barbod bo‘lishi mumkin. Mavjud opium zaxiralari — taxminan 16 000 tonna — hali ham global ta’minotni bir necha yil davomida ta’minlash imkoniyatiga ega. Shu sabab, tahlilchilar real o‘zgarishlar faqat kompleks yondashuv: qishloqlarni rivojlantirish, agrar islohotlar va mintaqaviy hamkorlik orqali amalga oshishini ta’kidlashmoqda.