"Qo‘shma Shtatlar davlat kotibi Marko Rubio Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan telefon orqali suhbat o‘tkazdi va Kiyev bilan konstruktiv muloqotga chaqirishini yana bir bor takrorladi", — deya xabar berdi AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Temmi Bryus.
"Davlat kotibi Rubio o‘tgan dam olish kunlari bo‘lib o‘tgan Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi “1000 ga 1000” formatidagi harbiy asirlar almashinuvini olqishladi. Shuningdek, u prezident Trampning urushni tugatishning yagona yo‘li sifatida Ukraina bilan konstruktiv va adolatli muloqot o‘rnatishga qaratilgan chaqirig‘ini yana bir bor tasdiqladi", — deyiladi Bryusning Davlat departamenti saytida e’lon qilingan bayonotida.
Kecha Lavrov Rossiya Ukrainaga 2 iyun kuni Istanbulda yangi uchrashuv o‘tkazishni taklif qilganini va ushbu uchrashuvda Ukraina delegasiyasiga tinchlikka erishish bo‘yicha memorandum taqdim etilishini bildirgan.
Ukraina delegasiyasiga rahbarlik qilayotgan mudofaa vaziri Rustem Umerov Moskvani navbatdagi uchrashuvgacha memorandumni oldindan yuborishga chaqirdi.
Umerov, shuningdek, Rossiya delegasiyasi rahbari Vladimir Medinskiyga Ukraina pozisiyasi bayon etilgan hujjatni topshirganini ma’lum qildi.