Turkiyaning Izmir shahridagi tarixiy Birgi qishlog‘i barqaror turizmni targ‘ib qilish va mahalliy iqtisodiy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan SENTRUM loyihasi (Barqaror energiyaga asoslangan turizm amaliyotlari markazi) doirasida yashil makonga aylanish uchun bir qator o‘zgarishlarni boshidan kechirmoqda.
Birgi 5000 yildan ortiq tarixga ega bo‘lib, Saljuqiy hamda Usmoniylar davridan qolgan klassik uylari bilan BMTning Jahon Turizm Tashkiloti (UNWTO) tomonidan “2022 yilning eng yaxshi turizm qishloqlari” ro‘yxatiga kiritilgan. Qishloq Turkiyaning g‘arbiy Egey mintaqasining markazida joylashgan bo‘lib, unda 12 asrga oid daraxt soyali tosh ko‘chalar va an’anaviy uylar hamda tarixiy inshootlar mavjud.
SENTRUM loyihasi BMTning Taraqqiyot Dasturi (UNDP), Turkiya Turizm va Madaniyat vazirligi, Turkiya turizmni tanitish va rivojlantirish agentligi (TGA) hamda Enerjisa Enerji bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Birgi shahrida mahalliy rivojlanishni rag‘batlantiruvchi Tadbiq etish markazi barqaror o‘zgartirishga qaratilgan sa’y-harakatlarning markazida turibdi.
Ushbu markaz energiya samaradorligi va madaniy merosni asrashdan tortib, ayollar va yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirish hamda iqlim o‘zgarishi bo‘yicha xabardorlikni oshirishgacha bo‘lgan ko‘plab yo‘nalishlarda muvofiqlashtirilgan faoliyat markazi bo‘lib xizmat qilmoqda. Markaz ayni vaqtda mintaqadagi barcha yashil makon tashabbuslarini - mahalliy merosga e’tibor qaratgan holda yanada barqaror, qulay va ko‘zga ko‘rinadigan bo‘lishini ta’minlaydi.
Barqaror turizm modeli to‘rt faslni qamrab oluvchi turizm konsepsiyasini rag‘batlantirish uchun ishlab chiqilgan.
Ushbu model Global Barqaror Turizm Kengashi (GSTC) mezonlariga mos keladi va Birgining ekologik, madaniy hamda ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni rivojlantiruvchi namunaviy manzilga aylanishini qo‘llab-quvvatlaydi.
Mazkur sa’y-harakatlar doirasida mahalliy qadriyatlarni qo‘llab-quvvatlash va saqlab qolish uchun o‘quv dasturlari va seminarlar o‘tkazildi. Jami 1000 nafar ishtirokchi, jumladan, turizm sohasi mutaxassislari, ayollar, yoshlar va bolalar 21 xil o‘quv mashg‘ulotlarida qatnashdilar. Bundan tashqari, barqaror turizmni, gender tengligini va xalqaro standartlarga moslashishni targ‘ib qilish maqsadida mahalliy ishtirokchilar bilan keng qamrovli manfaatdor tomonlar uchrashuvlari o‘tkazildi.
Barqarorlik tarixi: mahalliydan global ta’sirgacha
SENTRUM loyihasi nafaqat barqaror turizmni, balki gender tengligini o‘z ichiga olgan kengroq ijtimoiy o‘zgarishlarni ham ilgari suradi. Loyiha ayollarning qarorlarni qabul qilish va amalga oshirish jarayonlarida faol ishtirokini rag‘batlantirish orqali inklyuziv rivojlanishga yordam beradi. Shu bilan birga, barqarorlikka yo‘naltirilgan turizm modeli bilan muvozanatli, yil davomida sayyohlar oqimini ta’minlashga qaratilgan.
Barqaror energiyaga asoslangan turizm amaliyotlari markazi (SENTRUM) – Enerjisa va BMTTD tashabbusi bilan boshlangan loyihadir. Loyihaning birinchi bosqichi 2022 yil noyabr oyida Balikesirning Ayvalik tumanidagi Kuchukko‘y qishlog‘ida yakunlandi. Loyihaning maqsadi barqaror turizm sohasida ijtimoiy, ekologik va iqtisodiy o‘zgarishlarga hissa qo‘shish, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish va energiya samaradorligi to‘g‘risida xabardorlikni oshirish orqali turizm va iqtisodiy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash, butun Turkiya bo‘ylab qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan “Yashil makon modeli” ni yaratish va mintaqada GSTC barqaror manzil mezonlari uchun infratuzilma yaratishdan iborat.
Birga qishlog‘i haqida
Birgi qishlog‘i Izmir viloyatining O‘demish tumanidan yetti kilometr uzoqlikda joylashgan. YUNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Efes, shuningdek, mevali sharoblari bilan mashhur Shirinje, Cheshme, Alachati va Seferihisar kabi dam olish maskanlariga yaqinligi tufayli mahalliy va xorijiy sayyohlarni o‘ziga jalb qilmoqda. Xushmanzara Birgida miloddan avvalgi 3000 yilga borib taqaladigan uzoq tarixga ega aholi punktlari mavjud. Frigiya, Lidiya va Forslar tomonidan boshqarilgan Birgi, vaqti-vaqti bilan Pergamon qirolligi va Rim hamda Vizantiya imperiyalari qo‘l ostida edi. Qishloq Onado‘li bekliklari davrida Aydinoğullari bekligining poytaxti bo‘lgan. 1426 yilda Birgi Usmonlilar hukmronligi ostiga o‘tdi va 17 asrgacha ma’muriy hamda madaniy markaz bo‘lib qoldi.
200 dan ortiq ro‘yxatga olingan tarixiy inshootlarga ega Birgi ochiq osmon ostidagi muzey sifatida ajralib turadi. Onado‘li bekligi davrida qurilgan Ulu masjidi (Aydınoğlu Mehmet Bey masjidi) 18 asr xalq me’morchiligining eng ajoyib namunalaridan biridir. Chaqiraga saroyi, Imom Birgivi maqbarasi, Sandikog‘lu saroyi, Dervishog‘a masjidi va Ummu Sulton shoh maqbarasi ham qishloqdagi diqqatga sazovor inshootlardir.
Birgi 1996 yilda “qo‘riqlanadigan hudud” deb e’lon qilingan va 2012 yilda YUNESKO Jahon merosining taxmiy ob’ektlari ro‘yxatiga kiritilgan. Bundan tashqari, Birgining Turkiyaning Cittaslow (Slow City) tarmog‘iga qo‘shilishi uchun harakatlari davom etmoqda.